• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi Raisining xalqaro anjuman doirasidagi uchrashuvlari
14.05.2021
2074
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev “Saylovlar jarayonlari texnologiyalari va saylovlar monitoringi” mavzusida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy bilan ana shunday uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev “Saylovlar jarayonlari texnologiyalari va saylovlar monitoringi” mavzusida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy bilan ana shunday uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida Z.Nizamxodjayev Bosh kotibga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining borishi  va mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

D.Kobiskiy MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi  tomonidan Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi saylovlarni kuzatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. MDH Parlamentlararo Assambleyasi monitoring guruhi MDH parlamentlari va MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kotibiyatidan tajribali kuzatuvchilarni o‘z safiga birlashtirishini ta’kidladi.  Bosh kotib kuzatuv geografiyasi sezilarli darajada kengayganiga e’tiborni qaratdi: kuzatuv nafaqat saylov o‘tkazayotgan davlat hududidagi saylov uchastkalarida, balki o‘sha mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida tuziladigan saylov uchastkalarida ham olib boriladi.    

Markaziy saylov komissiyasi Raisi joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun   MDH Parlamentlararo Assambleyasidan kuzatuvchilar guruhini taklif qildi.   

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev MDH Ijroiy qo‘mitasi Raisi – Ijroiy kotibining birinchi o‘rinbosari Viktor Guminskiy bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

V.Guminskiy MDH Ijroiy qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashini tuzish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. O‘zbekiston tomonidan  ishlab chiqilgan Maslahat kengashiga oid nizom loyihasi MDHga a’zo davlatlarga ko‘rib chiqish uchun yuborilganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, mazkur nizom loyihasini yanada takomillashtirish va kelishish bo‘yicha ekspertlar guruhining majlisi 2021 yilning 30 iyun kuni videokonferensiya shaklida o‘tkaziladi.   

Markaziy saylov komissiyasi Raisi MDH Ijroiy qo‘mitasiga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirar ekan,  mazkur kengash MDHga a’zo davlatlar saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, fuqarolarning saylov huquqi va erkinligini ta’minlash, MDH davlatlarida saylovlar va referendumlar o‘tkazish uchun saylov qonunchiligi, saylov jarayonlari va saylov texnologiyalari sohasida xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvlar amaliy ruhda o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati