• eye Maxsus imkoniyatlar
SAYLOVCHILAR RO‘YXATI - TENGLIK TAMOYILINI RO‘YOBGA CHIQARISHNING MUHIM OMILI
14.05.2021
3334
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksiga muvofiq bo‘lib o‘tadi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda saylov huquqiga ega bo‘lgan har bir yurtdoshimizning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi muhim ahamiyatga ega.

Saylov -2021

 

SAYLOVCHILAR RO‘YXATI - TENGLIK TAMOYILINI RO‘YOBGA CHIQARISHNING MUHIM OMILI

 

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksiga muvofiq bo‘lib o‘tadi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda saylov huquqiga ega bo‘lgan har bir yurtdoshimizning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi muhim ahamiyatga ega.

Saylov kodeksining   4-moddasida, jumladan, shunday deyilgan: “Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir”.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga asosan 18 yoshga to‘lgan fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash huquqiga  ega.  Bir saylovchi-bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z hohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Saylovchining saylov huquqini amalga oshirishi uning saylov kampaniyasidagi elektoral madaniyatini ko‘rsatadigan asosiy mezonlardandir. 

Saylovchining saylovda ishtirokini ta’minlash uchun uning bitta saylov uchastkasida bir marotaba ovoz berishi va boshqa saylov uchastkasida ikkinchi marta ovoz berishining oldini olish maqsadida, saylovchining ovoz berish joyi belgilanadi, shuningdek bir hududda yashayotgan ko‘plab saylovchilarning ovoz berish huquqini ta’minlashda qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari hamda ushbu saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin bo‘lgan saylovchilar ro‘yxati tuziladi.

Shuning uchun saylovchilar ro‘yxati saylov kampaniyasi davridagi eng muhim va hal qiluvchi hujjatlardan biri hisoblanadi.

Saylovchilar ro‘yxatining qonun talablari asosida tuzilishi xalqaro saylov standartlariga muvofiq fuqarolarning umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Fuqaroning saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi saylov huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarga imkoniyat yaratish uchun muhim, shu bilan birga  “bir saylovchi, bir ovoz” asosiy prinsipini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Saylovchilar ro‘yxati hammaga teng sharoit yaratilishini, aniq va keng qamrovli bo‘lishini va uning jarayonlari barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash saylovni samarali tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan organlarining eng muhim vazifasi hisoblanadi.

E’tibor bersak, ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda,  saylov uchastkalarining soni va joylashuvi,  chop etish uchun saylov byulletenlari miqdori, ular bilan saylov uchastkalarini ta’minlash hamda saylovchilarning ovoz berishda ishtirok etishini baholash kabi muhim qarorlar qabul qilinadi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchining ikkinchi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi saylovda tenglik prinsipini buzilishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu prinsipning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganligi birinchi navbatda okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan, shuningdek kuzatuvchilar tomonidan saylov jarayonida o‘rganiladi.

Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi. Saylovchilar ro‘yxatiga ma’lumotlar aniq, tushunarli, sanalar va joy manzillari to‘g‘ri kiritilishi shart.

Saylovchilar ro‘yxatida saylov o‘tkaziladigan yili va saylov kuni 18 yoshga to‘lgan saylovchilarning tug‘ilgan yili, oyi va kuni ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. 

Qonunga muvofiq saylovchilar ro‘yxati tuzib bo‘lingach, saylovga o‘n besh kun qolganida saylov uchastkasida saylovchilarga tanishtirish uchun hammaga ko‘rinarli joyga joylashtiriladi.

Saylovchilar ro‘yxatini tuzish uchun ro‘yxat namunalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Saylovchilar ro‘yxati ikki xil shaklda tuziladi, birinchi shakli saylovchilarga tanishtirish uchun, ikkinchi shakli saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun foydalaniladi. Har ikkala shakldagi saylovchilar ro‘yxatida saylovchilar haqidagi ma’lumotlar bir xil tartibda, bir xil raqamlangan holda tuziladi.

Saylovchilar ro‘yxati bosh sahifa, ichki varaqlar va so‘nggi varaqdan iborat bo‘ladi.

Bosh sahifada o‘tkazilayotgan saylov nomi, saylov uchastkasining tartib raqami, joylashgan manzili hamda saylovchilar ro‘yxati ko‘rsatiladi. Ichki varaqlarida esa saylovchilarning ro‘yxati tartib bilan beriladi.

So‘nggi varag‘ida saylovchilar ro‘yxatining yakunlovchi qismi hamda uchastka saylov komissiyasi raisi va kotibining familiyasi, ismi, otasining ismi va imzolari hamda imzo qo‘yilgan sana ko‘rsatiladi.

Saylovchilar ro‘yxati bir necha varaqdan iborat bo‘lganligi sababli uning barcha varaqlari yagona tartibda raqamlanadi.

Saylovchining familiyasi, ismi va otasining ismi haqidagi ma’lumotlar uning pasporti yoki ID kartasi asosida to‘liq yozilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini va uning egasi shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikasiya ID-kartasi-O‘zbekiston Respublikasi hududida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik ma’lumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi.

Saylovchining bir hududdan boshqa hududga yashash uchun ko‘chib o‘tishi uning bir saylovchilar ro‘yxatidan chiqarilib, ikkinchi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishiga sabab bo‘ladi.

Shu sababli saylov kampaniyasi davrida saylovchi yangi ko‘chib kelgan hududidagi uchastka saylov komissiyasiga albatta o‘sha kunning o‘zida murojaat qilishi lozim. Bu holat saylovchining elektoral madaniyatini ko‘rsatuvchi mezonlardandir.

Agarda saylovchining yashash joyi o‘zgarsa, saylovchi ko‘chib kelgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan joydagi uchastka saylov komissiyasiga o‘z vaqtida xabar berishi zarur. Bu haqda tegishli uchastka saylov komissiyasi ma’lumotga ega bo‘lmasa, saylov kuniga qisqa vaqt qolganida yoki saylov kuni saylovchi ovoz berishga kelganda u saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolganligi sababli ovoz bera olmasligi mumkin.

Basharti shunday holatlar yuzaga kelganda, saylovchining saylov huquqini ta’minlash nuqtai nazaridan, Saylov kodeksiga alohida norma kiritilgan, shunga muvofiq uchastka saylov komissiyasi saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilganligini saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan izlab topadi va muddatidan oldin ovoz bergan yoki bermaganligini aniqlashtiradi, shundan so‘ng, ushbu saylovchi doimiy yashash joyida muddatidan oldin ovoz bermagan bo‘lsa vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritilishi mumkin.

Shu asnoda aytish lozimki, saylovchi o‘zini saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganligini aniqlashi, uni uchastka saylov komissiyasidan so‘rashi va saylovchilar ro‘yxati bilan tanishib, zarur hollarda unga tegishli o‘zgartirish kiritilishi bo‘yicha  saylov komissiyasiga murojaat qilishi saylov huquqini ro‘yobga chiqarishda alohida ahamiyatga ega.

Saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida qulaylik yaratish maqsadida bir necha qulay vositalar ishlab chiqilgan. Buning uchun saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining elections.uz  veb-saytida  tashkil etilgan “O‘zingizni saylovchilar ro‘yxatidan aniqlang” va Yagona interaktiv xizmatlar davlat portalidagi “Saylov uchastkasini aniqlash” nomli xizmatdan ham foydalanishi uning o‘z vaqtida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishiga yordam beradi.

Bu haqda so‘z yuritganda O‘zbekiston Respublikasida 2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlar yakuni bo‘yicha YeXHT Demokratik institutlar inson huquqlari bo‘yicha byurosi Missiyasining yakuniy hisobotidagi quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir: “Saylovchilarni ro‘yxatga olish passiv(nofaol) bo‘lib, saylovchilar o‘zlarining doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan yashash joylaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganlar. Bu saylovlarda ilk bor markazlashgan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan (SYAER) foydalanildi. U qayta-qayta ovoz berishni kamaytirish va saylovchilar qamrovini ancha kengaytirishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan”.

Ushbu misollar mamlakatimizda saylovchilarni ro‘yxatga olish amaliyoti xalqaro qoidalar bilan hamohang takomillashtirib borilayotganini ko‘rsatadi

Demak, saylovchilar ro‘yxatini ochiq-oshkora tuzish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan tartib amaliyotda fuqarolar xohish-irodasi to‘liq ifodalanishini ta’minlashga xizmat qilibgina qolmay, mamlakatimizda har bir fuqaroning ovozi muhim ahamiyatga ega ekanligini ham ko‘rsatadi.

Daxldorlik tuyg‘usining mustahkamlanishi joriy yilda o‘tkaziladigan Prezident saylovi Yangi O‘zbekiston sharoitida saylovchilarning, barcha fuqarolarning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozisiyasi yuksalib borayotganining yana bir bor namoyon etadigan muhim siyosiy tadbir sifatida dunyo hamjamiyatining e’tiborini qozonadi.

 

Bahodirjon YUNUSOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi a’zosi.

 

 

Manba: «Ishonch» gazetasining 2021 yil 13 may 65-soni