• eye Maxsus imkoniyatlar
Hududiy trenerlar o‘quvi
20.05.2021
1533
Samarqand shahrida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahrida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilmoqda.


Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu muhim siyosiy kampaniyada siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning faolligi saylovlarning umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarning chuqurlashgani, fuqarolarning siyosiy ongi hamda faolligi yuksalganligi, xususan, so‘z erkinligiga berilayotgan e’tibor saylovni o‘tkazishda yangi talablarni qo‘ymoqda. Bu esa, saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayonida ishtirok etuvchilarning bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini talab etadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlangan. Shuningdek, saylov va saylovoldi jarayonlarni qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining ijtimoiy-siyosiy sohaga oid bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish, mamlakatimiz saylovchilari va saylov tashkilotchilarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash hamda ularda daxldorlik hissini yuksaltirish maqsadida joriy yilning 27 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi bilan Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Ana shu hujjatlar joriy yilning aprel oyidan saylov komissiyalari a’zolari va saylov jarayonining boshqa tashkilotchilari uchun to‘rt bosqichli seminar-treninglar boshlandi.

– Dastlabki bosqichda poytaxtimizda o‘quvlar tashkil etilib, respublika trenerlarning bilim va malakasi oshirildi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti professori vazifasini bajaruvchi Olim Narzullayev. – Ular zarur qo‘llanma va tarqatma materiallar bilan ta’minlandi. Endi esa ikkinchi bosqichda hududiy trenerlar va saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasi oshirilmoqda. Mashg‘ulotlar interaktiv usulda tashkil etilib, ishtirokchilar bilan muloqot, o‘zaro fikr va tajriba almashish tarzida o‘tkazilmoqda. Har bir mavzu bo‘yicha savol-javoblar, test sinovlari o‘tkazilib, bilimlar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, har bir mavzusi bo‘yicha tayyorlangan 15-20 daqiqalik videodarslar o‘quv jarayonida foydalanish uchun hududiy trenerlarga taqdim etilmoqda. Ular keyingi bosqichda tuman, shaharlarda shunday seminarlarda saylov jarayoni ishtirokichilarini o‘qitadilar, ularga o‘z tajribalarini o‘rgatadilar.

Seminar treningda 72 nafar hududiy trenerlar hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari qatnashmoqda. O‘quvning ochilishida Markaziy saylov komissiyasi vakillari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

O‘quv qatnashchilari namunaviy tarzda tashkil etilgan saylov uchastkasi va bu yerda amalga oshiriladigan tadbirlar bilan tanishtirildi.

Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA