• eye Maxsus imkoniyatlar
Seminar-trening tinglovchilari huzurida
20.05.2021
2028
Mamlakatimizning barcha hududlari - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar davom etmoqda. 17 may kuni hududlarda boshlangan mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida olib borilmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlari - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar davom etmoqda. 17 may kuni hududlarda boshlangan mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida olib borilmoqda.

29 mayga qadar davom etadigan seminar-treninglar ishtirokchilariga mamlakatimiz Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar berayotgan yuksak samaralar haqida atroflicha ma’lumotlar berilmoqda. Muloqot savol-javob, baxs-munozara va takliflarga boy bo‘layotir.

20 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev Guliston shahridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali binosida tashkil etilgan hududiy seminar-trening tinglovchilari huzurida bo‘lib, o‘quv jarayoni ishtirokchilari bilan yaqindan muloqotda qildi.  Prezident saylovini tashkil etish va uni o‘tkazish jarayonida saylov tashkilotchilari safida, xususan, hududiy trener sifatida qatnashishdek yuksak mas’uliyat haqida gapirdi.

“Mamlakatimizda bu yilgi Prezident saylovi ilk bor Saylov kodeksi va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi, - deb ta’kidladi o‘z ma’ruzasida Z.Nizamxodjayev. – Bu esa o‘z navbatida, saylov jarayonlarini milliy saylov qonunchiligiga mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun saylov komissiyalari a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa  ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini taqozo etadi”.

O‘z taraqqiyotining yangi yuksalish bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimizda Prezident saylovi ham ana shu buyuk o‘zgarishlar ruhida, tartib-tamoyillar asosida o‘tkazilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.

Shu bois Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va boshqa ta’lim, ilmiy, amaliy, tadqiqot muassasalari olimlari va ekspertlari bilan hamkorlikda seminar-treninglar dasturlari ishlab chiqildi.

Bunda an’anaviy ma’ruzabozlikdan voz kechilib, asosiy e’tibor amaliy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilmoqda. Mashg‘ulotlarda interfaol usullar ustivorlik kasb etib, zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, auditoriyadagi tinglovchilarning sonini esa 20 nafardan oshirmaslik belgilab qo‘yilgan.


Boshqa hududlardagi kabi, Sirdaryo viloyatida davom etayotgan seminarlarga ham saylov huquqiga ixtisoslashgan yetakchi olimlar va ekspertlar, hududlardagi mahalliy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tajribali ekspertlar jalb etilgan.

 
Mashg‘ulotlar so‘ngida seminar-trening ishtirokchilari test sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Sirdaryoda o‘tkazilgan ana shunday sinovlarda barcha tinglovchilar yuksak natijalarni namoyon etdi. 


Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati