– Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Bunday paytda har kun – g‘animat. O‘tgan vaqt mobaynida dastur ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida dastlabki xulosalar qanday?
– Milliy saylov tizimining turli darajadagi – uchastka saylov komissiyasidan to Markaziy saylov komissiyasigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarida faoliyat yuritib, ancha-muncha tajriba orttirgan saylov tashkilotchilaridan biri sifatida aytishim mumkinki, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturining ijrosiga har qachongidan jadal va tizimli ravishda kirishilgani darhol sezildi. Barcha darajadagi saylov tashkilotchilari saylovga tayyorgarlik ko‘rishga, xalqimiz topib aytganidek, bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil kirishdi. Tayyorgarlik ishlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir joriy yil 8 fevral kuni qabul qilingan qonun bilan saylov qonunchiligining takomillashtirilishi buning yorqin dalili bo‘ldi.
– Darvoqe, buni nafaqat milliy ekspertlarimiz, xalqaro tashkilotlarning vakillari, xorijlik siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlar ham keng e’tirof etmoqda...
– To‘g‘ri. Bir misol. Yaqinda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotning maqbul tavsiyalari O‘zbekiston tomonidan qabul qilinayotganidan mamnuniyat bildirar ekan, «Shunday hamkorlikni davom ettirishga doimo tayyormiz», deb alohida ta’kidladi.
Nemis jurnalisti Folker Nef Yevropaning mashhur "Allgemeine-Berliner-Zeitung" onlayn gazetasida salmoqli tahliliy maqolasini e’lon qildi. Maqolada yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berilgan. Muallif 2016 yildan O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yganini alohida ta’kidlaydi. O‘tgan davr mobaynida mamlakat hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida g‘oyat ulkan islohotlarni amalga oshirishga erishildi. Ushbu yuksalish jarayonida inson huquqlarini keng ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy hayot va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlariga aylandi. «Yuksak maqsad sifatida eng ilg‘or xalqaro standartlar, hamkor sifatida esa BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tanlangan», deb qayd etadi xorijlik jurnalist.
Bunday e’tiroflarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
– Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, endi Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Saylovga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirishga ana shu omilning ham ta’siri bo‘lsa kerak?
– Albatta, keng jamoatchilikning taklifiga binoan, saylov o‘tkazish muddatining qahraton qish – dekabrdan, iliq kunlar – oktyabr oyiga ko‘chirilishi, saylov qonunchiligi va amaliyotiga kiritilgan boshqa muhim o‘zgartishlar va qo‘shimchalar saylovga har qachongidan sifatli, tizimli va jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni taqozo qiladi. Yuqorida aytganingizdek, bunday paytda har kun g‘animat.
Saylovga tayyorgarlik, avvalo, milliy saylov qonunchiligini va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlarini puxta o‘rganishdan boshlanadi. Shu jihatdan qaraganda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari bu boradagi asosiy tadbirlar dasturi qabul qilinishidan avvalroq boshlangan edi, desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
– Shu haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz...
– Saylov qonunchiligiga joriy yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ishlarni amalga oshirayotganini alohida ta’kidlash joiz. Bunda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab chiqishlar va saylovchilar bilan bevosita muloqotlardan samarali foydalanilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi va joylarda faoliyat yuritayotgan a’zolari, yetakchi mutaxassislari va saylov bo‘yicha ekspertlarning ellikdan ortiq maqola, suhbat va sharhlari chop etildi. Ular teleradiokanallarda tashkil etilgan va etilayotgan munozaralar, davra suhbatlari va bevosita muloqotlarda muntazam ishtirok etmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga, aholining saylov jarayonidan xabardorligini, saylovga ishonchini oshirish va daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi a’zosi sifatida ommaviy axborot vositalari – teleradiokanallar, gazetalar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi qator chiqishlarimdan tashqari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ana shunday davra suhbatida ham ishtirok etdim. Mazkur oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, talabalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan uchrashuv ziyolilarimizning, ayniqsa, yoshlarning Prezident sayloviga qiziqishi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi baland ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Bahs-munozara va savol-javoblar rosa qizidi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda «Yangi O‘zbekiston: saylov huquqining yangi kafolatlari» mavzuida tashkil etilgan tadbir, garchi rasman «seminar» deb atalgan bo‘lsa-da, turli millat vakillaridan iborat saylovchilar bilan samimiy suhbatga aylanib ketdi. Tadbirda mazkur qo‘mita rahbarlari va mas’ul xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Milliy madaniy markazlar va Do‘stlik jamiyatlari vakillari ishtirok etdi. Turli yosh, turli kasb, turli millat vakillari, hatto turli tillarda gapirgan bo‘lsa-da, ularni yagona maqsad – Vatanimiz O‘zbekistonga mehr, el-yurt taqdiriga daxldorlik, Prezident sayloviga ulkan qiziqish birlashtirib turardi. Bunday ahillikni va birdamlikni ko‘rishning o‘zi kishiga katta quvonch, Vatanimizning, xalqimizning istiqboliga ulkan ishonch bag‘ishlaydi.
Bunday ochiq va samimiy muloqotlarni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boshqa oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, tashkilotlar va mahallalarda o‘tkazilgan tadbirlarda ham ko‘rish mumkin.
– Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida saylov uchastkalarining chegaralarini oldindan aniqlash, uchastka saylov komissiyalari joylashadigan bino va xonalarni inventarizasiyadan o‘tkazishga doir vazifalar ham o‘z ifodasini topgan. Ko‘pchilikning sa’y-harakatini talab qiladigan bunday ishlarning ijrosi qanday ahvolda?
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Kadastr agentligi, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hozircha mamlakatimiz bo‘yicha 10797 ta saylov uchastkasining chegaralari aniqlangan.
Ayni paytda uchastka saylov komissiyalari joylashadigan binolar va xonalar inventarizasiyadan o‘tkazilib, ularning saylov jihozlariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash ishlari yakunlanmoqda. Saylov uchastkasi peshlavhasi, bo‘lajak nomzodlarga doir ma’lumotlar, saylovchilar ro‘yxati joylashtiriladigan stendlar, saylov uchastkasi yo‘l ko‘rsatkichlarining dizayn namunalari tayyorlandi.
– Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekistonning chet davlatlarda istiqomat qilib turgan fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Qonunchilikda yaratilgan bunday keng imkoniyatlardan amaliyotda foydalanish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
– Avvalo, xorijdagi fuqarolarimizning saylovdagi ishtirokini keng ta’minlash bo‘yicha vazifalar aniq belgilab olingan. Mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillari ishtirokida yaqinda navbatdagi videomuloqot o‘tkazildi. Unda xorijda shakllantiriladigan saylov uchastkalarini, shu jumladan, ko‘chma saylov qutilari yordamida (O‘zbekiston fuqarolari zich yashaydigan va ishlaydigan joylarda) ovoz berish tashkil etiladigan joylarni aniqlash, chet ellardagi vatandoshlarimizni saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha elektron murojaatlar xizmatini yo‘lga qo‘yishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
– Saylovni milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga mos tarzda yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish uchun, eng avvalo, uchastka saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmasini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?
– Bunday ishlar har qachongidan ko‘ra izchil va tizimli yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar Markaziy saylov komissiyasining shu yil 27 aprelda o‘tgan majlisida tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida bajarilmoqda.
Ushbu majlis yakunida mazkur konsepsiya ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Ushbu hujjat Prezident saylovi va saylovoldi jarayonlarini yuksak saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy ko‘nikmasini yanada oshirish, davlatimiz fuqarolarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizdagi keng ko‘lamli insonparvar islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida ko‘p tomonlama manfaatli o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida imzolandi.
Hamjihatlikda qilinayotgan bunday tizimli ishlarning dastlabki natijasi ayon. Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish uchun mas’ul respublika trenerlari hamda mas’ul shaxslarning seminar-treninglari bo‘lib o‘tdi.
Bir hafta davom etgan seminar-trening Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi va o‘quv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib borildi. Jarayonda o‘n ikkita mavzuda videodars va videoroliklar tasvirga olindi. Mazkur akademiya va universitet ekspertlari bilan hamkorlikda «Saylov qonunchiligi va amaliyoti» o‘quv-amaliy qo‘llanmasi tayyorlandi va nashrga berildi.
Bu seminar-treninglar - Prezident saylovi jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi bo‘yicha malakasini oshirish tizimining dastlabki bosqichi. Bu kabi keng qamrovli o‘quvlar butun respublikamiz bo‘ylab 17 maydan boshlab yuborildi.
Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlangan majlisida bir ibratli gap alohida ta’kidlandi: Prezident saylovi – qaysi tashkilotda ishlashimizdan qat’i nazar, saylovni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar uchun ham, saylovchilar uchun ham, ommaviy axborot vositalari uchun ham g‘oyat katta mas’uliyat yuklaydigan muhim siyosiy jarayon. Bu mas’uliyatli jarayondan yorug‘ yuz bilan o‘tish barchamizning sharafli burchimiz.
Nargis SOBIROVA,
suhbatlashdi
Manba: «Yangi O‘zbekiston» gazetasi