• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi: har bir saylovchi – diqqat-e’tiborda
25.05.2021
1947
25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati va O‘zbekiston Nogironlar assosiasiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvni imzolashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati va O‘zbekiston Nogironlar assosiasiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvni imzolashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Maqsad  - joriy yilning oktyabr oyida  bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirgan tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Zayniddin Nizamxodjayev mamlakatimizda barcha fuqarolarning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashning huquqiy-tashkiliy asoslarlari va samarali mexanizmlari umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida shakllantirilganini ta’kidladi.

Bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘zining konstitusiyaviy huquqi bo‘lmish saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlar yaratishga oid qoidalar o‘zining yorqin ifodasini topgan.

Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e’tibor qaratib keladi.

Ayni kunlarda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni, xususan uchastka saylov komissiyalarining joylashgan yeri nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va to‘siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, saylov jarayonida saylov uchastkalariga olib boruvchi ko‘rsatkichlar ko‘rinarli joyga o‘rnatilishi, uchastka saylov komissiyasi binosida saylov kuni malakali tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilishiga e’tibor qaratiladi.

Saylov komissiyalari tarkibiga ijtimoiy faol nogironligi bo‘lgan shaxslarni  kiritish va ularning saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirishda har tomonlama ko‘maklashiladi. Saylovoldi tashviqotiga oid teleko‘rsatuvlar imo-ishora tili va subtitr yozuvida berib boriladi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi bilan mazkur tashkilotlar o‘rtasida imzolangan kelishuv nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati