Germaniya Federal Respublikasining saylovlar bo‘yicha federal vakili ofisi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi o‘rtasida videomuloqot o‘tkazildi.
Onlayn uchrashuv saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida o‘zaro tajriba almashish hamda ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlar singari, saylovlar sohasida ham rivojlanib borayotgani va bunda ikki tomonlama yuksak darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
GFRning saylovlar bo‘yicha federal vakili o‘rinbosari Xayn-Kristof Xerberts Germaniya saylov tizimining o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi hokimiyati federal, mintaqaviy va mahalliy parlamentlardan iborat. Saylovda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega. Saylovda saylovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz beradi va bir saylovchi bir ovozga ega. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini e’lon qilish, O‘zbekistondagi kabi, ochiq-oshkora amalga oshiriladi.
Federal darajada va federal yerlar (hududlar) darajasida asosan siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ko‘rsatiladi. Bundestagga – Germaniya oliy qonun chiqaruvchi organiga – deputatlar to‘rt yilga saylanadi. Parlament a’zolari tarkibining yarmi majoritar tizimda saylanadi.
Bundestagga saylov kunini Federal Prezident tayinlaydi: yakshanba yoki qonun bo‘yicha dam olish kuni etib belgilangan sana saylov kuni deb belgilanishi mumkin. Saylovda saylovchi shaxsan o‘zi ovoz beradi. Saylovchilar ro‘yxatida qayd etilgan yoki ovoz berish huquqini beruvchi guvohnomaga ega fuqarolargina ovoz berishi qonunan qat’iy belgilab qo‘yilgan.
GFR tomoni joriy yilning 24 sentyabr kuni Germaniya parlamentiga saylovlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillarini xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov mamlakatimizda joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni, milliy saylov tizimi va saylov qonunchiligidagi yangiliklarga e’tiborni qaratdi.
Shu yilning 8 fevral kuni qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun saylovlarni milliy saylov qonunchiligi va umum e’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida o‘tkazishda muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilayotir. Jumladan, Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga binoan saylov jarayoni ishtirokchilarini tizimli ravishda o‘qitish, saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlash bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
GFR saylovlar bo‘yicha federal vakili ofisi vakillari joriy yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qilindi.
Samimiy tajriba alamashish va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida kelajakda o‘zaro hamkorlik va tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati