Ma’lumki, saylov jarayoni ko‘p bosqichli tashkiliy tayyorgarlikni talab qiladi. Saylovlarni qonuniylik, adolatlilik, xolislik prinsiplari asosida tashkil etish va o‘tkazishda saylov komissiyalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Siyosiy jarayonda milliy saylov tizimining ajralmas bo‘g‘ini hisoblangan saylov komissiyalarining alohida o‘rni borligini inobatga olib, joriy yil 27 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Saylov jarayoni tashkilotchilari va ishtirokchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirish, o‘quvlarga yuqori malakali ekspertlarni jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzoladi.
Konsepsiyada Saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazishni uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shundan kelib chiqqan holda, Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari orasidan yuqori malakali ekspertlar tarkibi shakllantirildi.
Yuqori malakali ekspertlar tomonidan MSK bilan kelishilgan holda o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlandi. Ta’kidlash joiz, o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda milliy saylov qonunchiligining eng muhim jihatlariga, shuningdek YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha yoritish kabi muhim masalalar shular jumlasidandir.
O‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar shay holatga keltirilganidan so‘ng, Respublika shtabi tomonidan mamlakatning yetakchi oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari orasidan 56 nafar respublika trenerlari tarkibi shakllantirildi va ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirildi.
Hududiy trenerlarga uslubiy va amaliy ko‘mak berish va ta’lim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy ta’lim muassasalarining 104 nafar professor-o‘qituvchilaridan iborat monitoring guruhlari tuzildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirildi. Shu bilan birga respublikaning 206 ta tuman (shahar)larining har birida 4 nafardan jami 824 kishilik hududiy trenerlar tarkibi shakllantirildi.
Joriy yil 28 apreldan 6 mayga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirishda mas’ul bo‘lgan 56 nafar respublika treneri hamda mas’ul shaxslar ishtirokida seminar-treninglarning dastlabki bosqichi o‘tkazildi.
Bu bosqichni amalga oshirishga Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat katta salohiyatli mutaxassis-ekspertlar jalb qilindi..
Treninglar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarining ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuniga tayyorgarlik ko‘rish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish tartibi kabi mavzular qamrab olindi.
Seminar-treninglar 15-21 kishilik kichik guruhlarda tashkil etilib, interfaol usullarda, jumladan, ma’ruza, video-dars, saylov jarayonlarini modellashtirish, trening, simulyasiya, bahs-munozara tarzida olib borildi.
Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangan ushbu seminar-treninglar saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar va boshqa tashkilotchilarning saylov qonunchiligi bo‘yicha malakasini oshirish tizimining dastlabki bosqichi bo‘ldi.
Respublika trenerlari tomonidan hududiy trenerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish maqsadida namunaviy saylov uchastkasi hamda ikkita alohida auditoriya tashkil etilib, zarur jihozlar hamda dizenfeksiya vositalari bilan ta’minlandi.
Mashg‘ulotlar interaktiv usulda tashkil etilib, ishtirokchilar bilan muloqot, o‘zaro fikr va tajriba almashish tarzida o‘tkazildi. Shuningdek, har bir mavzu bo‘yicha tayyorlangan 15-20 daqiqalik videodarslar o‘quv jarayonida foydalanish uchun hududiy trenerlarga taqdim etildi.
17 mayda boshlanib, 24 mayga qadar davom etgan seminar-treninglarda har bir guruh o‘quv yakuni bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz negizida ishlab chiqilgan maxsus ta’lim platformasi orqali test topshirdi. Barcha tinglovchilar o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladi. Monitoring guruhi hamda hududiy trenerlar tomonidan test natijalari tahlil etildi.
Qayd etish joiz, tayyorlangan hududiy trenerlar endilikda tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun-sentyabr oylarida, Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan reja-grafik asosida, uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 32 mingdan ortiq nomzod uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Markaziy saylov komisssiyasi
Matbuot xizmati