Avval xabar berilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda saylovchilarning yashash joyi bo‘yicha xatlovni amalga oshirish uchun o‘n to‘rt ma’muriy hudud va barcha tuman (shahar)da shtablar tashkil etildi.
Ularning tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar umumlashtirilib, yashash manzilida ro‘yxatda bo‘lmagan yoki vafot etgan fuqarolarni chiqarish, shuningdek amalda yashab turgan, lekin ma’lumotlar bazasida qayd etilmagan fuqarolarni kiritish ishlari olib borildi.
Qayd etish joizki, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini (SJBAT) yanada takomillashtirish orqali fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, ko‘chalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlarining elektron shaklda aniq-ravshan belgilashini taqozo etadi.
Shuni inobatga olgan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda joylarda tashkil etilgan ishchi guruhlar a’zolarini SJBATda ishlash yuzasidan onlayn o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi saylov tashkilotchilari, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqarmalari, Kadastr agentligi vakillari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida SJBAT tizimini ishga tushirishda saylov uchastkalariga oid ma’lumotlar bilan ishlashga oid qo‘llanmadan foydalanish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulot davomida mutaxassislar hududlardan tushgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati