Saylov-2021
MILLIY SAYLOV QONUNCHILIGI VA AMALIYOTI: XALQARO SAYLOV STANDARTLARI ASOSIDA
Yangi O‘zbekiston keng ko‘lamli va dadil islohotlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni faollashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, ilm-fanni rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tibori bilan jahonga o‘zini tobora keng namoyon qilmoqda.
Ulug‘vor ishlarning uzviy davomi
Bu, o‘z navbatida, tashqi dunyoga bag‘rini keng ochayotgan demokratik davlat sifatida O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va qiyofasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, aholi turmush darajasining sezilarli darajada oshishida ham muhim omil bo‘layotir. Shiddat bilan o‘zgarib va rivojlanib borayotgan, raqobat tobora keskin tus olayotgan dunyoda bunday yutuqlarga erishish oson bo‘layotgani yo‘q, albatta.
Xalq manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan O‘zbekistonda xalqaro ekspertlar investisiya muhitining sezilarli darajada yaxshilanayotganini qayd etmoqdalar. Bu milliy iqtisodiyotni va jamiyatni keng ko‘lamli erkinlashtirish, aholi farovonligini yanada oshirish borasidagi ulug‘vor ishlarning uzviy davomidir.
Yuksak maqsad – demokratik va zamonaviy O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotir. Chunki kattadir-kichikdir - hamma biladi: besh-olti yil ilgari kimdir bizga “O‘zbekistonda ochiqlik, oshkoralik, demokratiya tamoyillari, qonun ustuvorligi amalda mustahkamlanishi mumkin, tadbirkorlik uchun barcha yo‘llar keng ochiladi”, desa ishonmas edik. Shukrki, bugun bunday buyuk o‘zgarishlar real haqiqat, hayot tarzimizga aylanib bormoqda. Amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangidan-yangi yirik loyihalar, ilm-fan, ma’rifatni yuksaklarga ko‘tarish, innovasion rivojlanishga alohida e’tibor – barcha-barchasi xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan dadil, oqilona va xalqchil siyosatning yuksak samaralaridir.
Odamlarning jamiyatda va hayotda qonun ustuvor bo‘lishiga ishonchi ortmoqda, so‘z va fikr erkinligi, ilmiy-ijodiy ruh, tashabbuskorlik, fuqarolarning o‘z salohiyatini namoyon etish sari dadil intilishi, saylash va saylanish huquqi, imkoniyatlari amalda kengaymoqda.
Boshlangan keng ko‘lamli, tub islohotlarni dadil davom ettirish va ulug‘vor rejalarni ro‘yobga chiqarish xalq va mamlakat manfaatlari hamda ehtiyojlariga xizmat qiladigan demokratik qonunchilikni taqozo etadi. Qonunchilikdagi demokratik o‘zgarishlar esa odamlar ongu tafakkuri, turmush darajasi va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi. Bu jarayon ko‘p jihatdan saylov qonunchiligidan boshlanadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Zero, erkin, ochiq saylov tizimi huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining eng zarur omillaridandir. Chunki fuqarolar saylov orqali davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita ishtirok etadi.
Buni so‘nggi yillarda mamlakatimiz saylov tizimini xalqaro normalar va umume’tirof etilgan tamoyillarga moslashtirish, saylovchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish va fuqarolarning erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli, yuksak samarali islohotlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Adolatli ish
Kezi kelganda ushbu o‘zgarishlarning ayrim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tish adolatli bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Avvalo, saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, jahonda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishini ta’minlash uchun yurtimizda qisqa muddat ichida ulkan ishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidlash zarur. 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan Saylov kodeksidagi demokratik o‘zgarishlardan to saylov tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishgacha, yangi huquqiy normalar va qoidalarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishdan to saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli jarayonlar shular jumlasidandir.
Ham saylanuvchi, ham saylovchi sifatida ko‘p bor guvoh bo‘lganman: Saylov kodeksi qabul qilingunicha milliy saylov tizimida bir vaqtning o‘zida beshta qonun paralel ravishda amal qilar edi. Ularning ayrim normalari bir-biriga zid bo‘lgani ham sir emas. Ba’zan saylov komissiyalari, ayniqsa, qishloq joylardagi uchastka saylov komissiyalari a’zolari muayyan vaziyatda qanday yo‘l tutishni bilmay boshi qotardi: qonunlarning birida bunday, ikkinchisida - boshqacha.
Saylov kodeksi qabul qilingach, bunday noaniqligu ovoragarchiliklar barham topganini nafaqat milliy saylov amaliyotchilari, hatto xalqaro ekspertlar ham keng e’tirof etdi. Milliy saylov tizimining huquqiy asoslari umumjahon talablari va tendensiyalariga muvofiqlashtirildi. Kodeks kuchga kiritilishi munosabati bilan o‘ttizga yaqin qonun hamda qonunosti hujjatlariga keyinchalik kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, qonunosti hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotdi. O‘ttizga yaqin!
Jahonda ikki yuzga yaqin davlat bor
Saylov kodeksidan shu paytgacha milliy saylovchiligimizda bo‘lmagan o‘nlab yangi norma va qoidalar joy oldi, amaldagi ayrim tartib-qoidalar bekor qilindi...
Saylov jarayonlarini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati ilk bor joriy etildi. Chet ellarda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa vatandoshlarimizga saylovda ishtirok etishlari uchun keng sharoit yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Jahonda ikki yuzga yaqin davlat bor. Lekin O‘zbekistondagi barcha siyosiy partiyalar, fuqarolik intitutlarining vakillari ishtirokida xalqaro norma va standartlar asosida ishlab chiqilib, loyihasi keng jamoatchilik, ya’ni xalq, ta’bir joiz bo‘lsa, saylov qonunchiligi borasida “qilni qirq yorgan” xalqaro ekspertlar tomonidan ham batafsil muhokama qilinib, umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mos, puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan bunday mukammal Saylov kodeksini yaratish sanoqli mamlakatlargagina nasib etgan, deb ta’kidlagan ekspertlar ming bor haq.
Umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga to‘liq javob beradigan Saylov kodeksi asosida 2019 yili mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylov xalqimizning huquqiy ongi, siyosiy bilimi va madaniyati o‘sib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Ayni paytda, Saylov kodeksi yangi O‘zbekistonning jamiyatni va mamlakatni demokratlashtirish va erkinlashtirish, fikrlar xilma-xilligini mustahkamlash yo‘lidan cho‘ng qat’iyat bilan borayotganing yana bir timsoliga aylandi.
Mamlakatimizda saylovchilar va saylanuvchilar uchun yaratilgan va yaratilayotgan bunday keng imkoniyat va qulayliklarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo, mamlakatimizdagi yuksak samarali tadrijiy demokratik islohotlar, xalqimiz hayotidagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar milliy saylov tizimi va qonunchiligini ham xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni taqozo qilishi tabiiy.
Ulkan qadam
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida parlamentga va mahalliy kengashlarga ilk bor o‘tkazilgan saylov jarayonida orttirilgan tajriba milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim bo‘shliqlar va yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu yil 8 fevral kuni imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi vazifalarni hal etishga qaratilishi bilan birga, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahmiyatiga muxtasar to‘xtaladigan bo‘lsak, demokratik saylovlarning zarur va muhim shartlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida barcha darajadagi saylov komissiyalari tizimi mustaqilligini ta’minlash borasida ulkan qadam qo‘yilganini alohida ta’kdlamoqchiman. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi va saylov komissiyalari a’zolarining maqomi qonunan yanada mustahkamlandi.
Saylov kodeksining tegishli modalariga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Xalq deputatlari tuman, shahar (Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi bundan mustasno) kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzish amaliyotidan voz kechildi. Sababi - o‘zini oqlamadi. Bunday okruglar komissiyalari hududidagi uchastka saylov komissiyalari soni, mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, uchtadan oshmasdi. Muqoyasa uchun: parlament deputatlari saylanadigan okruglarning har biriga yuztagacha uchastka saylov komissiyasi to‘g‘ri keladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining optimallashtirilishi natijasida 54 mingdan ortiq a’zodan iborat 5739 okrug saylov komissiyasi endi tuzilmaydi. Bunday maqbullashtirish ortiqcha vaqt, mehnat va inson resurlarini jalb qilish tashvishiga chek qo‘yish bilan birga, ma’lumotlarga qaraganda, davlat byudjetining 33 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini tejash imkonini ham beradi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar a’zogacha kengaytirildi.
Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”ligi alohida qayd etilgan. Bu ta’kidning boisi ma’lum: saylov jarayonida suiiste’molchilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldini olish. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qat’iy ichki tartib-qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi a’zolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi ham ayon.
Shu bois, kodeksning mazkur moddasi uchinchi qismiga: “bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”, degan qoida kiritildi.
Endilikda chet davlatlarda istiqomat qilib turgan O‘zbekiston fuqarolarini, diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar faoliyatining moliyaviy shaffofligini ta’minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni hamda Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etildi.
Aslini olganda, saylov qonunchiligiga saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan har bir o‘zgartish yoki qo‘shimcha, u kimgadir “arzimasdek” tuyulsa-da, ulkan zahmat, chuqur tahlil va amaliy sinovlar evaziga amalga oshiriladi.
Zero, milliy saylov tizimidagi o‘zgarishlar mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va rivojlanish, siyosiy-huquqiy yuksalishning mantiqiy davomidir.
Izchil islohotlar samaralari
Joriy yilning 31 may kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan demokratik yo‘nalishdagi ana shunday izchil islohotlar berayotgan samaralardan biridir.
Qayd etish zarurki, ushbu qonun loyihasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) saylovlar bo‘yicha missiyasining mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalariga binoan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan edi.
Bu qonun ijodkorligi tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida o‘tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizasiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarga uyg‘undir.
Amaldagi saylov qonunchiligining tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida muayyan muammolar borligini ko‘rsatdi.
Jumladan, ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qoidalarda saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazish uchun ham mahalliy hokimliklardan ruxsat olinishi shartligi belgilangan.
Yangi qonun asosida Saylov kodeksining 48-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga binoan endi ushbu talab bekor qilindi: “Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi”.
O‘tgan parlament saylovi oldidan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan saylovchilar ishtirokida yuzlab ana shunday ommaviy tadbirlar o‘tkazilganini hisobga olsak, mavjud muammoning g‘oyat demokratik o‘zanda hal etilgani, talay byurokratik to‘siqlar barham topgani ayon bo‘ladi.
Shikoyat sudda ko‘rib chiqiladi
Amaldagi Saylov kodeksiga muvofiq, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar sudlar bilan bir qatorda yuqori turuvchi saylov komissiyalariga ham berilishi mumkin. Bunda sudlarga va saylov komissiyalariga takroriy shikoyatlar tushishi, ular tomonidan bir-biriga zid qarorlar chiqarilishi ehtimoli yo‘q emas.
Endlikda bunday ovoragarchiliklar ham barham topadi. Yangi qonunga binoan, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Saylov kodeksining 102-modda matnining birinchi jumlasi quyidagi tahririda bayon etildi: “Nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin”.
Ta’kidlash o‘rinliki, bu saylov jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilishning eng demokratik yo‘lidir.
Shunday qilib, yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishga oid qoida chiqarib tashlandi.
Prosessual o‘zgarishlar
Yangi qonunga binoan prosessual, ya’ni bevosita saylov jarayonlari bilan bog‘liq ayrim yangi qoidalar ham joriy etildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda sakkiz nafar a’zodan iborat okrug saylov komissiyasi tuziladi.
Mamlakatimiz bo‘yicha o‘n to‘rtta okrug saylov komissiyasi tuzilishini e’tiboga olsak, ularning har biriga mingga yaqin uchastka saylov komissiyasi to‘g‘ri keladi. Mingta uchastka saylov komissiyasining har birida kamida uch ming nafardan saylovchi ro‘yxatga olinsa, okrug saylov komissiyasida ish olib boradigan a’zolarning holini tasavvur qilish qiyin emas.
Endi Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasi zimmasiga yuklanadigan vazifalar ko‘lamiga e’tibor bering.
Saylov kodeksining 22-moddasiga binoan okrug saylov komissiyasi:
tegishli hududda ushbu kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi; saylov uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi; uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi; saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi; uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi; nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi; nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashadi; deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi; siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi; saylovchilar ro‘yxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi; saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga taqdim etadi; takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek, bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi; saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Vazifalar ko‘lamining kengligi va muhimligi e’tiborga olinib, yangi qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zolari sonini 8 nafardan 18 nafargacha oshirish belgilangani g‘oyat adolatli ish bo‘ldi.
Shuningdek, saylovda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikasiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligiga oid norma kiritildi.
Ushbu yangi qonunning qabul qilinishi milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qiladi.
Zayniddin NIZOMXO‘JAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi raisi,
O‘zbekiston Qahramoni.