• eye Maxsus imkoniyatlar
SHHT bosh kotibi Markaziy saylov komissiyasiga tashrif buyurdi
17.07.2021
1836
Ayni kunlarda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi V.I.Norov boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida qator vazirlik va idora rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan 8 iyul kuni Bosh kotib saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Ayni kunlarda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi V.I.Norov boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida qator vazirlik va idora rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan 8 iyul kuni Bosh kotib saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida Z.Nizamxodjayev O‘zbekiston va SHHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan  O‘zbekiston vakillari SHHTning ishtirokchi mamlakatlardagi parlament va prezident saylovlaridagi missiyasida muntazam ishtirok etib kelayotganliklarini yuqori baholab, saylov tizimida amalga oshirilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, joriy yilda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi, ushbu hujjat bilan bir qator qonunlar qatorida Konstitusiyaga ham o‘zgartirishlar kiritilganligi, shuningdek “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi yangi qonuni bilan ham saylov tizimiga qator yangiliklar joriy qilinganligi qayd etib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, endilikda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi a’zolari sonini ko‘paytirish, saylov byulleteniga kiritiladigan nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni kamaytirish borasidagi qoidalar ham yangi qonunda belgilangan. YeXHT DIIHB missiyasining tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan mazkur qoidalar saylovlarning xalqaro standartlar va zamonaviy tendensiyalar asosida o‘tishini ta’minlashga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev Bosh kotib V.Norov va SHHT kuzatuvchilar missiyasini bo‘lajak prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif etdi.

O‘z o‘rnida V.Norov yuqorida qayd etib o‘tilgan o‘zgarishlar va taklifdan mamnun ekanligini bildirar ekan, muhim siyosiy jarayonlarni kuzatishda SHHTga a’zo mamlakatlarning yetakchi ekspertlarini jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, SHHT faoliyati, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, Buyuk ipak yo‘li qayta tiklanishini faollashtirish, Xitoyning tashqi siyosati, elektron tijorat bo‘yicha tajribasi xususida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 

Bosh kotib pandemiya sharoitiga qaramasdan dunyo hamjamiyati saylovlarni demokratik va xavfsiz tarzda o‘tkazishga intilayotganini va bunda jamiyat a’zolarining ham faolligi kuzatilayotganligini alohida e’tirof etdi.   

Konstruktiv va samimiy o‘tgan muloqot so‘nggida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati