• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalar o‘z vakolatli vakillarini ro‘yxatga olishni so‘rab murojaat qilishmoqda
26.07.2021
1248

Xabaringiz bor, 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi.

Bu, o‘z navbatida, Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejadagi tadbirlarni o‘z vaqtida hamda bosqichma-bosqich amalga oshirib borishlari zarurligini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart”, deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 935-sonli qarori bilan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga muvofiq esa “Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni (murojaatnoma, nomzodning pasport nusxasi, 2 dona 3x4 hajmdagi fotosurat) taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va unga belgilangan shaklda mandat beradi”.

Yuqoridagi talablarga asosan, siyosiy partiyalarning o‘z vakolatli vakillarini tayinlaganligi hamda ularni o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olish va belgilangan namunadagi mandatni berish haqidagi murojaatlari Markaziy saylov komissiyasiga kelib tusha boshladi.

Xususan, 26 iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ana shunday murojaatlar kelib tushdi.

Ta’kidlash joizki, saylov kampaniyasida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya o‘rtasida muloqot olib borish, talab etilgan hujjatlarni taqdim qilishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun Vakolatli vakil faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal qilib boradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati