• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovida siyosiy partiya vakolatli vakilining o‘rni
28.07.2021
1341
Markaziy saylov komissiyasining 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga rasman start berildi. 

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etgan majlisda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yil 24 oktyabrni – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi e’lon qilindi. 


O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev, o‘z oldiga mamlakat taraqqiyotini yangi, yanada yuqori bosqichiga ko‘tarishdek buyuk maqsadni qo‘ygan yangi O‘zbekistonda Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazilishini alohida ta’kidladi. Saylov jamiyatimiz hayotidan ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam va keng o‘rin olayotgan sharoitda o‘tadi. 


Majlisda saylov qonunchiligida belgilangan normalarning o‘z muddatida va samarali ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasi tasdiqlandi. 
Kalendar rejada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qadamba qadam va kunba kun amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan.

Qonunchilikda belgilanganidek,  siyosiy partiyalarning o‘z vakolatli vakillarini tayinlaganiga oid ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasiga kela boshladi.


Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun qonunda belgilangan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan. Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya o‘rtasida muloqotni yuritish va talab etilgan hujjatlarni taqdim etishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.


Vakolatli vakil avvalo, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal etib boradi.


Saylov kodeksida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya Vakolatli vakili orqali saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etadi:
saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza; 
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma; 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. 


Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.


Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushish tartibiga qarab markaziy matbuotda e’lon qilinadi.


O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga muvofiq siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.


Shundan kelib chiqqan holda siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.


Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.


Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.


Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakillikka nomzodning tegishli xujjatlarini ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.
Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bog‘liq. Bunday  vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi.


Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e’tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.


Siyosiy partiya hududiy organining rahbari saylovga kamida o‘n kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatini (ism-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda) taqdim etadi. 


Ariza O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.


Okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni ro‘yxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.


Shu bilan birga, ayrim hollarda vakolatli vakilga mandat berish rad etilishi mumkin. Jumladan, vakolatli vakillikka nomzod 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa, saylovga o‘n  kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa, tegishli saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyadan nomzod ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa,  tegishli hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa, mandat berish rad etilishi mumkin.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan to‘plangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.


Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.


Siyosiy partiyaning vakolatli vakili shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart.


Siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan hisoblanadi.

Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi  saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalgaoshirishga xizmat qiladi.


     
Bahodirjon YuNUSOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
doimiy asosda ishlovchi a’zosi


“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 28 iyul №151 soni