Yuqoridagi ta'rifdan ko'rinib turibdiki, faol saylov huquqiga ega bo'lgan fuqaro saylovchi hisoblanadi. Saylovchi – saylov jarayonining asosiy ishtirokchisi, chunki u O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan birgalikda O'zbekiston xalqini tashkil etadi hamda hokimiyatning birdan-bir manbai hisoblanadi. Ovoz berishda ishtirok etish orqali davlat hokimiyati va mahalliy vakillik organlarini, saylangan mansabdor shaxslarni tegishli hokimiyat vakolati bilan ta'minlaydi.
Biz saylovchi deganda, eng avvalo saylov kampaniyasi davrida ovoz berish jarayonida ishtirok etuvchi, ya'ni byulletenga yashirin ravishda ovoz beruvchi shaxsni tasavvur qilamiz. Go'yoki saylovchi faqat ovoz berish huquqiga ega degan tasavvur mavjud. O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va boshqa normativ hujjatlarida saylovchining aynan saylov huquqi bilan bog'liq huquqlari doirasi ancha keng belgilangan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
- saylov jarayonida ovoz berish, axborot olish va uni tarqatish huquqi;
- nomzod ko'rsatishni qo'llab-quvvatlash uchun imzo to'plash yoki imzo varaqasiga imzo qo'yish orqali nomzodni qo'llab-quvvatlash huquqi;
- moliyaviy xarajat talab qilmaydigan usullar bilan saylovoldi tashviqotini olib borish huquqi;
- saylov jarayonining boshqa ishtirokchisi (kuzatuvchi, vakolatli vakil, ishonchli vakil, komissiya a'zosi va h.z.) maqomiga ega bo'lish huquqi;
- saylov uchastkasida, saylovchilarning yagona elektron ro'yxatida shakllantirilgan o'ziga oid ma'lumotlar bilan tanishish huquqi;
- saylov komissiyalarini shakllantirishda ishtirok etish huquqi;
- o'zining saylov huquqlarini himoya qilish huquqi, o'ziga tegishli saylov huquqlarini kamsituvchi qarorlar yoki harakatlar, shu jumladan ovoz berish natijalari ustidan shikoyat qilish huquqi.
Amaldagi milliy saylov qonunchiligiga asosan fuqarolar 18 yoshga to'lganda faol saylov huquqi vujudga keladi va bu huquq ularning ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga egaligida ifodalanadi. Fuqaroning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar uning faol saylov huquqini cheklashga yo'l qo'yilmaydi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga asosan sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi.
Fuqaro o'zining faol saylov huquqini, qoida tariqasida, uning yashash joyi joylashgan hududda tashkil etilgan saylov uchastkasidagi yashirin ovoz berish xonasida yoki kabinasida amalga oshiradi. Shu bilan birga, agar sog'ligi yoki nogironligi tufayli saylovchi o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish uchun saylov uchastkasining ovoz berish xonasiga kela olmasa, unga ovoz berish xonasidan (saylov uchastkasidan) tashqarida, yashash joyida ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Masalan, O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 56-moddasiga muvofiq, ayrim saylovchilar sog'lig'ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko'ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi. Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a'zosi ko'chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta'minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo'lishi mumkin.
Shuningdek, Saylov kodeksining 10-moddasiga asosan sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, harbiy qismlarda olis va borish qiyin bo'lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bunday hollarda uchastka saylov komissiyalari shu kabi joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida saylovchilar ro'yxatiga kiritilgan saylovchlarning ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatini ta'minlaydi.
O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov davrida doimiy yashash joyidan yoki u yerda tashkil etilgan saylov uchastkasi hududidan tashqarida bo'lishi uni ovoz berishda ishtirok etish huquqidan mahrum qilish uchun asos bo'la olmaydi. Bu kabi saylovchilar o'zlarining doimiy yashash joylaridagi saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish orqali faol saylov huquqidan foydalanishlari mumkin.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021- yil 14- apreldagi 1066-sonli qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to'g'risidagi Nizomga muvofiq, uchastka saylov komissiyalari a'zolari saylov uchastkasi hududini uyma-uy aylanib chiqish orqali saylovchilar ro'yxatiga aniqlik kiritadi.
Agar saylov uchastkasi hududida vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar (ishlash, o'qish, xizmat safari, dam olish, mehmondorchilik sababli) bo'lsa hamda ular bilan shaxsan suhbat chog'ida ovoz berish kuni ularning ushbu saylov uchastkasi hududida bo'lishi aniqlansa, ushbu fuqarolar vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olingan yoki olinmaganligidan qat'iy nazar vaqtincha turar joyi hududidagi saylov uchastkasi saylovchilar ro'yxatiga kiritiladi. Bunda, uchastka saylov komissiyasi a'zosi fuqaroning doimiy yashash joyidagi saylov uchastkasiga saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimi orqali xabar yuborib, uni saylovchilar ro'yxatida chiqarish choralarini ko'radi.
Shu tariqa, saylovchining ovoz berish kuni qaysi hududda bo'lishidan qat'iy nazar “bitta saylovchi faqat bitta saylovchilar ro'yxatiga kiritilishi mumkin”, “bir saylovchi bir ovozga ega” kabi umume'tirof etilgan demokratik prinsiplarga qat'iy amal qilgan holda, fuqaroning faol saylov huquqidan foydalanish imkoniyati ta'minlanadi.
Xalqaro saylov standartlariga muvofiq, saylovda ovoz berish yashirin hisoblanadi hamda fuqaroning xihish-irodasini erkin ifoda etishi ustidan har qanday nazorat qilish imkoniyati cheklanishini talab qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasida ushbu xalqaro demokratik norma to'liq o'z aksini topgan. Unga ko'ra – saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo'l qo'yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta'minlanadi.
Saylov va axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunlarga muvofiq har bir fuqaro saylov jarayoni to'g'risida axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Sаylov komissiyalari, davlat hokimiyat organlari, mahalliy o'zini o'zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolarga saylov jarayonlari to'g'risida xolis va haqqoniy axborot berib boradi.
Saylov kampaniyasi davrida fuqarolarga taqdim etiladigan axborot- ma'lumotlarning hajmi va mazmuni ularning saylov huquqlaridan samarali foydalanish va saylovda o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish imkoniyatini ta'minlashi kerak. Nega deganda, saylovlarning haqqoniyligi, qonuniyligi, ob'ektivligi, legitimligi saylovchilarga saylov jarayoni haqida haqqoniy va xolis, to'liq va tezkor, beg'araz axborot taqdim etilishiga bevosita bog'liq.
Saylovchilar shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish tizimida Saylovchilarning yagona elektron ro'yxatidan, saylov uchastkalarida shakllantirilgan saylovchilar ro'yxatidan o'ziga oid ma'lumotlar bilan tanishish huquqiga ega.
Saylovchilar o'zlarining yashash, ishlash yoki o'qish joylarida yig'ilishlar tashkil etish va unda ishtirok qilish orqali o'z nomzodlarini yoki boshqa saylovchilarning nomzodlarini tegishlicha okrug yoki uchastka saylov komissiyalari a'zoligiga kiritish uchun taklif berish huquqiga ega.
Davlat saylovchilarning saylov huquqlarini himoya qilinishi va amalga oshirilishini kafolatlaydi. Davlat organlari bilan bir qatorda saylov komissiyalari ham saylovchilarning huquqlarini himoya qilish va ta'minlashda ko'maklashadi. Saylovchilarga o'zlarining buzilgan huquqlari ustidan shikoyat qilish huquqining berilganligi, ular huquqlari himoya qilinishining muhim kafolati hisoblanadi. Amaldagi qonunlarga asosan saylovchilar o'zlarining saylov huquqlari buzilgan taqdirda, shu jumladan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Saylovchilarga nisbatan milliy saylov qonunchiligimizda o'rnatilgan yagona majburiyat bu – saylov qonunchiligiga amal qilish majburiyatidir. Yuqorida ifoda etilganidek, saylovchining saylovda, ovoz berishda ishtirok etishi bu majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq, bu huquqdan samarali foydalanish, o'z taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bog'liq holda ko'rish, mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar, adolatli islohotlarning faol ishtirokchisi bo'lish har bir fuqaroning insoniylik burchidir.
Xudoyor MAMATOV,
Markaziy saylov komissiyasi
kotibi, yuridik fanlari doktori, professor