• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish to‘g‘risida ariza va nomzodlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etdi
09.08.2021
1425
Joriy yilning 9 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining vakolatli vakillari partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat surab berilgan arizalarni taqdim etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 63-moddasiga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga bir qator hujjatlarni taqdim etishi kerak.  Xususan, saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.


Tadbir davomida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma taqdim etildi. 

 


Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.


Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi. 

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati