• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi O'zbekistonda zamonaviy demokratiya g'oyalarining amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo'ladi
17.08.2021
4476
Yana sanoqli kunlardan keyin aziz Vatanimiz — O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu tarixiy sanaga “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g'oya asosida qizg'in tayyorgarlik ko'rayotgan xalqimiz istiqlol bayramini barcha sohada ulkan muvaffaqiyatlar bilan kutib olmoqda.

Ayni paytda yana bir katta siyosiy tadbir — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadigan kun — 24- oktabr sanasi ham tobora yaqinlashmoqda.

 

Mas'uliyatli palla

Qayd etish joizki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha barcha ishlar Saylov kodeksiga qat'iy amal qilingan holda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha kalendar rejasiga muvofiq tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlanganidek, Prezident saylovi yuksak siyosiy tafakkur mahsuli — mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida o'z ifodasini topgan ilg'or demokratik g'oyalarning ro'yobi, O'zbekistonning yuksak taraqqiyotiga xalq bildiradigan komil ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo'ladi.

Markaziy saylov komissiyasining shu yil 14-avgust kuni videokonferensaloqa shaklida o'tkazilgan navbatdagi kengaytirilgan majlisida  mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, shuningdek, okrug saylov komissiyalari tarkibiga nomzod sifatida tavsiya etilgan rais, rais o'rinbosari, kotib va a'zolar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining kotibiyatlari rahbarlari ham qatnashdi.

Komissiyamizning 9-avgust kuni bo'lib o'tgan majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha saylov okruglarini tuzishga doir masala ko'rib chiqilgan va o'n to'rtta saylov okrugini tuzish to'g'risida qaror qabul qilingan edi. Bu boradagi zarur ma'lumotlar, jumladan, qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda markaziy nashrlarda, xususan “Xalq so'zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida e'lon qilindi.

Shundan so'ng Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida okrug saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar muhokama qilindi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etildi.

Saylov kodeksiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o'rinbosari, kotibi va komissiyaning sakkiz nafardan — o'n sakkiz nafarga qadar boshqa a'zolaridan iborat tarkibda tuziladi.

Saylov qonunchiliga ko'ra, yigirma bir yoshga to'lgan, o'rta yoki oliy ma'lumotga, shuningdek, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish borasida ish tajribasiga ega bo'lgan, aholi o'rtasida obro'-e'tibor qozongan fuqarolar okrug saylov komissiyasining a'zolari bo'lishi mumkin.

Ayni paytda boshqa saylov komissiyalarining hamda siyosiy partiyalarning a'zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita bo'ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a'zosi bo'lishi mumkin emasligi belgilangan.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha o'n to'rtta okrug saylov komissiyasining shaxsiy tarkibiga tavsiya etilgan nomzodlar ko'rib chiqildi va  tasdiqlandi.

 

Tahlilchilar fikri

Tasdiqlangan okrug saylov komissiyalari a'zolari haqida gap ketganda, ba'zi raqamlarga e'tibor qaratish to'g'ri bo'ladi, deb o'ylayman: okrug saylov komissiyalari a'zolarining umumiy soni 266 nafar, shundan 104 nafari (39 foizi) xotin-qizlar. A'zolarning 150 nafari (56 foizi) avvalgi saylovlarda qatnashgan.

A'zolar safi: pedagoglar — 90 nafar (34 foiz), iqtisodchilar — 41 nafar (15 foiz), huquqshunoslar — 32 nafar (12 foiz), muhandislar — 26 nafar (10 foiz), shifokorlar — 21 nafar (8 foiz), jurnalistlar — 11 nafar (4 foiz).

Bu yilgi Prezident saylovini o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida navqiron avlod vakillari har qachongidan ko'ra ko'p: 31 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlar 23 nafar (9 foiz) bo'lsa, 41 yoshgacha bo'lganlar esa 77 nafar (28 foiz)ni tashkil etdi.

Bu — mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular o'z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida ko'rsatilayotgan doimiy e'tibor va g'amxo'rlikning amaldagi yana bir ifodasidir.

Ekspertlar yana bir raqamga alohida e'tibor qaratmoqdalar. 2019 yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o'tkazgan okrug saylov komissiyalari tarkibida nogironligi bor ijtimoiy faol fuqarolar 3,5 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda bo'ladigan Prezident saylovida bu raqam besh foizga yetgan.

Tahlilchilar fikricha, bu, eng avvalo, mamlakatimiz fuqarolarining, shu jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta'minlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari to'la shakllantirilgani bilan bog'liq.

O'zbekiston Respublikasi tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun joriy yilning 15-yanvaridan kuchga kiritilishi bunga yaqqol misoldir.

Ushbu muhim qonun hujjatlari mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning qo'shimcha kafolatlarini yaratish, qonunchilikni yanada takomillashtirish, nogironligi borlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jamiyat va davlat qurilishi ishlarida ular uchun teng va keng imkoniyatlarni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O'zbekiston Nogironlar jamiyati, O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati, O'zbekiston Karlar jamiyati va O'zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi o'rtasida imzolagan hamkorlik kelishuvi ham Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonlarida imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylovga oid huquqlarini keng ta'minlashga xizmat qilayotir.

Prezident saylovini o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan deyarli barcha millat vakillari borligini ham alohida ta'kidlamoqchiman.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14-aprelda tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to'g'risida”gi nizomga binoan, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar okrug saylov komissiyalariga saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish uchun zarur bo'lgan binolar, majlis zallari, xonalar hamda asbob-uskunalarni bepul berib turishi shart.

Okrug saylov komissiyalari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kamida sakkizta xonadan iborat va tegishli tartibda jihozlangan bino bilan, shuningdek, transport, aloqa vositalari va yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmog'iga ulanish imkoniyati bilan ta'minlanadi. Okrug saylov komissiyalari huzurida Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining hududiy bo'limlari faoliyati yo'lga qo'yiladi. Bularning barchasi okrug saylov komissiyalari o'z ishini milliy saylov qonunchiligi talablari, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyiliga to'la amal qilgan holda olib borishiga xizmat qiladi.

 

Ulkan sharaf va yuksak ishonch

Okrug saylov komissiyalari tarkibiga fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, nogironlar tashkilotlarining obro'li vakillari, taniqli jurnalistlar, olimlar, ijodkor ziyolilar ham keng jalb qilingan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha okrug saylov komissiyasi tarkibidan joy olish  ulkan sharaf va yuksak ishonchdir.

Ayni paytda, bu ishonchning zamirida katta mas'uliyat ham mujassam ekanligi ayon. Zero, bu yilgi Prezident saylovi birinchi marta Saylov kodeksi asosida, yangicha sharoitda, demokratik tamoyillarga to'la amal qilingan holda o'tishini saylov komissiyalarining har bir a'zosi chuqur his qilishi zarur. Bu har bir saylov tashkilotchisidan nafaqat chuqur bilim, ishchanlik, balki fidoyilik va sadoqat ham talab qiladi.

Jamoatchilikning obro'-e'tiborli vakillari sifatida e'tirof etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va a'zolari ana shunday yuksak talablardan kelib chiqib ish yuritadi hamda saylovchilar va xalqimiz oldida hammamizning yuzimiz yorug' bo'ladi, deb ishonamiz.

 

Imzo to'plash. Buning ahamiyati nimada?

Shu kunlarda siyosiy partiyalarning faollari va tarafdorlari saylovchilarning imzolarini to'plashga jadal kirishdi. Bu jarayonning ahamiyati nimada?

Ma'lumki, Saylov kodeksiga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko'rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar shu yil 24- oktabr kuni bo'lib o'tadigan Prezident saylovida qatnashishga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborganidan jamotchilikning yaxshi xabari bor.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida siyosiy partiyalarning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish to'g'risidagi murojaatlari ko'rib chiqildi.

Yig'ilishda O'zbekiston Ekologik partiyasi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining vakolatli vakillariga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari berildi.

Saylov kodeksida bu masalaga alohida e'tibor qaratilib,  “Imzolarni to'plash tartibi” deb atalgan alohida modda kiritilgan.

Markaziy saylov komissiyasi shu yil 14-aprelda tasdiqlagan “O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodni qo'llab-quvvatlovchi imzolarni to'plash va imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilganligini tekshirish tartibi to'g'risida”gi nizomga binoan, saylovda qatnashishiga ijozat beriladigan siyosiy partiya O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodni qo'llab-quvvatlab, O'zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosini to'plashi kerak. Bu, har bir siyosiy partiya kamida 210 ming saylovchining imzosini to'plashi zarur, demakdir.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar to'plagan imzolar tekshirilib, haqqoniyligiga ishonch hosil qilingandan keyingina ularga saylovda ishtirok etishga ijozat beriladi. 

Bitta ma'muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya tegishincha imzolar umumiy sonining ko'pi bilan sakkiz foizini to'plashi mumkin.

Saylov kodeksining 38-moddasida qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'yicha siyosiy partiya o'zining vakolatli vakili ro'yxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini to'plashga haqli. Bu sanaga qadar to'plangan imzolar hisobga olinmaydi.

Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo'llab-quvvatlab imzo qo'yishga haqli. Bunda saylovchi o'z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug'ilgan yilini (yoshi o'n sakkizda bo'lsa, qo'shimcha ravishda tug'ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo'yilgan sanani ko'rsatadi. Mazkur ma'lumotlar qo'lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o'z imzosini qo'yadigan saylovchi to'g'risidagi ma'lumotlar saylovchining iltimosiga ko'ra imzo to'plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.

Saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo'llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma'muriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinishi, imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilishi, belgilangan tartibda va muddatda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi zarur. 

Saylovchilarning imzosini to'plash ish, xizmat, o'qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to'plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to'playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o'ziga og'dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo'ladi.

Kezi kelganda qayd etish zarur, mamlakatimizning Saylov kodeksida o'z ifodasini topgan saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani qo'llab-quvvatlab imzo qo'yishga haqli, degan qoida elektoratning tanlash imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan ilg'or demokratik yangilik sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan ham alohida e'tirof etilgan. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining shu haqdagi xulosasida shunday satrlar bor: “38-modda saylovchiga saylovlarda ishtirok etadigan bir nechta partiyani o'z imzosi bilan qo'llab-quvvatlash imkonini beradi. O'zbekistonning saylov qonunchiligidagi bu o'zgarish fikrlar rang-barangligi va partiyalararo raqobatning rivojlanishida muhim omil bo'ladi”.

 

Samimiy intilish mohiyati

Komissiya majlisida saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazishga doir masala ham ko'rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Saylov davrida jurnalistlar o'z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ularni akkreditatsiyadan o'tkazish izchil davom ettirilmoqda.

Komissiyamizning 9-avgust kuni bo'lib o'tgan avvalgi majlisida ommaviy axborot vositalarining besh yuzdan ziyod vakillari akkreditatsiyadan o'tkazilgan edi. Endi ularning soni yana qariyb ikki yuz nafarga ko'paydi va jami yetti yuz nafardan oshdi.

Ushbu raqamlar zamirida ommaviy axborot vositalari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bog'liq jarayonlarni keng va xolis yoritishga bo'lgan samimiy intilish mujassamdir. Bunday intilish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotganini alohida ta'kidlamoqchiman.

Markaziy saylov komissiyasi bilan mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yoritish bo'yicha o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolangani bu jarayonda muhim ahamiyat kasb emoqda.

Ma'lumki, Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Zo‘r TV” teleradiokompaniyasi, “UzReport” axborot agentligi bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o'tkazilishini yoritish bo'yicha ikki tomonlama memorandumlar imzolangan edi.

Markaziy saylov komissiyasining mazkur yo'nalishdagi hamkorlari orasida nodavlat ommaviy axborot vositalari ham tobora ko'paymoqda. Akkreditatsiyadan o'tkazishni so'rab murojaat qilganlarning yarmidan ziyodi nodavlat va xususiy ommaviy axborot vositalariga mansub. Birgina “Kun.uz”  internet nashridan o'ttizga yaqin vakil akkreditatsiyadan o'tkazildi. Besh-olti yil ilgari bunday bag'rikenglikni tasavvur ham qilib bo'lmasdi.  

Yaqinda “Ijtimoiy fikr” nodavlat jamoatchilik fikrini o'rganish markazi o'tkazgan so'rovlar natijasida saylovchilar Prezident sayloviga doir yangiliklar va axborotlarni ko'proq qaysi manbalardan olishi ma'lum bo'ldi.

Tadqiqotlarning ko'rsatishicha, axborotning eng talabgir manbasi —O'zbekiston davlat televideniyesi. So'rov ishtirokchilarining 68,9 foizi saylovga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlarni, asosan, televideniyedan oladi. Bu borada internet ikkinchi o'rinni (33,5 foiz) egalladi. 25 foiz respondentlar uchun nodavlat televideniye kanallari axborotning asosiy manbasi hisoblanadi.

 

Ochiq muloqot

Markaziy saylov komissiyasining Toshkentdagi Simpoziumlar saroyi binosida jadal ish boshlagan Matbuot markazida yuqori malakali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashgan guruhlar faoliyat olib bormoqda. Saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon o'tgan qisqa vaqt ichida bu yerda o'ttizga yaqin muhim tadbirlar o'tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari, saylovlar bo'yicha yetakchi ekspertlar va olimlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarining katta qiziqish uyg'otgan birinchi ochiq va yuzma-yuz muloqoti shular jumlasidandir.

Jurnalistlar uni “birinchi” va “ochiq” deb ataganining boisi shundaki, uchrashuvda, odatdagi brifing yoki matbuot anjumanlarida bo'lgani kabi muayyan bir mavzu atrofida  cheklanilmasdan, ko'lam ancha keng olindi. O'nlab blogerlar, mustaqil jurnalistlar, jumladan, xorijiy jurnalistlar ham qatnashgan tadbirda ishtirokchilar nafaqat O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq jarayonlar, balki milliy saylov tizimiga oid istagan savolini berdi.

“Galstuksiz uchrashuv” deb nomlangan va bir soatga mo'ljallangan muloqot uch soatdan ortiq davom etdi. Qizg'in savol-javob, bahs-munozaraga aylanib ketgan tadbirda mavjud muammolar va kamchiliklar ham ro'y-rost aytildi. Talay amaliy takliflar o'rtaga tashlandi.

Saylovni yoritadigan ommaviy axborot vositalarining vakillari uchun Prezident saylovining ahamiyati, o'ziga xos tomonlari, milliy saylov qonunchiligi va unga kiritilgan so'nggi o'zgartish va qo'shimchalar, xalqaro saylov standarlarining mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan seminar-treninglar tashkil etish taklifi shular jumlasidandir.

Jurnalistlarning bu taklifi komissiyamiz tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Kuni kecha Matbuot markazida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bir guruh xodimlari uchun ana shunda qiziqarli mashg'ulotlar boshlandi.

Sirasini aytganda, saylov jarayonlarini yoritishda jurnalistlarga ko'mak berishga qaratilgan bunday o'quvlar muntazam o'tkazib kelinmoqda. Markaziy saylov komissiyasi bilan BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan  loyiha ham shu masalaga qaratilgan. Loyiha doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari, ayniqsa, hududiy jurnalistlarga asosiy e'tibor qaratgani holda, “Saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish” mavzuida turkum onlayn seminar-treninglar  tashkil etildi. Bugungi kungacha deyarli barcha hududdagi jurnalistlar  milliy va xalqaro trenerlar tomonidan olib borilgan ana shunday mashg'ulotlarda o'z bilimini oshirdi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan o'tkazilgan treninglar davomida saylov kampaniyasi davrida saylov komissiyalari matbuot xizmatlarining roli, jamoatchilik bilan aloqalar hamda ilg'or xalqaro tajribani qo'llash amaliyoti kabi mavzular yuzasidan munozaralarda jurnalistlar faol ishtirok etdi.

Sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan bunday sa'y-harakatlar mamlakatimizda tobora mustahkam qaror topayotgan ochiqlik va oshkoralik, demokratik tamoyillar samarasida fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati muttasil yuksalib, odamlarimizning, ayniqsa, yoshlarimizning ertangi kunga ishonchi, saylov jarayonlariga qiziqishi oshayotgani, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg'usi mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Xalq manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta'minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlari sifatida belgilangan mamlakatimizning milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan bunday keng ko'lamli va izchil ishlar O'zbekiston Respublikasi Prezident saylovini milliy saylov qonunchiligi va xalqaro tamoyillarga tayanib, yuksak demokratik saviyada, uyushqoqlik bilan o'tkazishga xizmat qiladi.

 

Zayniddin NIZOMXO'JAYEV,

O'zbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi Raisi,

O'zbekiston Qahramoni.

Manba: “Xalq so'zi” gazetasi,

2021-yil 17-avgust.