• eye Maxsus imkoniyatlar
Buyuk imkoniyat: Pandemiya sharoitida saylov o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari nimada?
27.08.2021
2075
Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 24-oktabrini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilaganidan va 23-iyuldan saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon bir oy o‘tdi. Aytish kerakki, saylov ko‘pning sa’y-harakati bilan amalga oshiriladigan muhim siyosiy tadbir. Ko‘pning ko‘lankasi ham oltin, deydi dono xalqimiz. Bu ko‘pning ahilligi, hamjihatligi va g‘ayrati bilan amalga oshadigan ishda baraka mo‘l bo‘ladi, degani.

TAHLILCHILAR HAYRATI

O‘tgan yili, ahli olam boshiga to‘satdan koronavirus degan ofat yog‘ilganida, hali insoniyat bu “ko‘z ilg‘amas yov”ning tabiatini anglay olmay, unga qarshi munosib chora topolmay, sarosimada turgan kezlarda ham dunyoning ko‘plab mamlakatlarida prezidentlikka, parlamentga va mahalliy vakillik organlariga saylovlar, shuningdek referendumlar o‘tkazildi. Eng qizig‘i, inson salomatligi uchun o‘ta xatarli kunlarda o‘tgan o‘sha saylovlarda talay mamlakatlarning aholisi odatdagidan ko‘ra faolroq ishtirok etgani xalqaro tahlilchilarni hayratga soldi. Bu el boshiga ish tushganda, insonga xos ahillik va hamjihatlik tuyg‘ularining kuchayishi bilan bog‘liq.

2020 yil aprel oyining birinchi yarmida Koreya Respublikasi Milliy Majlisiga bo‘lib o‘tgan saylovda muddatidan oldin ovoz berishda fuqarolar rekord darajada – ro‘yxatga olingan saylovchilarning qariyb 27 foizi ishtirok etdi.

Infeksiya xavfi tufayli, deyarli barcha davlatlarda bo‘lgani kabi, Polshada ham lokdaun — favqulodda holat e’lon qilinib, aholining ko‘cha-ko‘yga emin-erkin chiqishi va yurishi keskin cheklangan edi. Shunga qaramay, 2020 yil 28 iyun kuni o‘tgan Prezident saylovining birinchi turidayoq saylovchilarning ovoz berishdagi faolligi bo‘yicha Polsha tarixida rekord o‘rnatildi – 64,5 foiz qayd etildi.

2020 yilning 10 iyul kuni Singapurda o‘tgan parlament saylovida esa ro‘yxatga olingan saylovchilarning qariyb 96 foizi ishtirok etdi. Bu ham mamlakat tarixidagi o‘ziga xos rekorddir.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Eng muhimi, Saylovlarni kuzatish bo‘yicha tashkilotlar Yevropa tarmog‘ining (ENEMO) ma’lumotlariga qaraganda, shu paytgacha pandemiya sharoitida saylov o‘tkazgan birorta davlatda (ta’kidlayman: birorta!) saylov munosabati bilan aholi o‘rtasida koronavirus yuqish holatlari ko‘paygani qayd etilmagan.

Prezident sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan O‘zbekistonda ham saylovni yurtdoshlarimizning salomatligi qat’iy muhofaza qilingan holda, xavf-xatardan xoli, milliy saylov qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga binoan hamda karantin talablari asosida ochiq-oshkora o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

GʻALABANING IBTIDOSI

Insoniyat pandemiya sharoitida yashashga va unga qarshi kurashishga asta-sekin ko‘nikib, moslashib bormoqda, deb ta’kidlayotgan olimlar haq. Bu – tabiiy. Negaki, insoniyat pandemiyadan qachon butunlay xolos bo‘lishi yoki koronavirusning yana qanday rivojlanishini bugungacha, nafaqat manaman degan fozili fuzalo, hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidek nufuzli xalqaro tuzilma ham aniq ayta olmayotir. Dardning yugurib kelib, emaklab ketishi ma’lum. Lekin izlagan doim imkon topadi. Aholini koronavirusga qarshi yalpi emlash – pandemiyaga qarshi kurashdagi eng muhim g‘alabaning boshlanishi. Buni xalqaro va milliy tajriba aniq-tiniq ko‘rsatib turibdi.

Biroq bunday muvaffaqiyatlarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q, albatta. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, bugun yurtdoshlarimiz yalpi emlanayotgan vaksinalar 60 dollargacha bo‘lgan narxlarda sotib olinayotir. Bu davlat xazinasidan ajratilayotgan milliard-milliard mablag‘ demakdir.

Men shifokor sifatida tibbiyot ahli o‘rtasida mashhur bir qoidani eslatmoqchiman: profilaktika, ya’ni kasallikning oldini olish uchun sarflangan bir so‘m, xastalikni davolash yo‘lida chekiladigan xarajatning yuz so‘mini tejaydi. Shu bois, ushbu raqamlarning zamirida qanday zaxmat, g‘ayrat, g‘amxo‘rlik va mehr-e’tibor mujassam ekanini barchamiz chuqur anglab yetishimiz va qadrlashimiz zarur.

O‘tgan yilning bir xulosasiga e’tibor bering: jahondagi mamlakatlarning imkoniyatlarini pandemiya sabab yuzaga kelgan o‘ta murakkab sharoit taqozosi bilan bog‘liq holda tahlil qilgan ekspertlar Yangi O‘zbekistonga o‘z fuqarolarini har qanday sharoitda himoyasiga olishga qodir davlat sifatida yuksak baho bergani – bugun dunyo ahliga ayon haqiqat. Tahlilchilarning yozishlaricha, bu, avvalo, asrlar osha shakllanib, istiqlol davrida mustahkamlangan va so‘nggi yillarda zamon talablaridan kelib chiqib tubdan takomillashtirilgan o‘zbek milliy davlatchiligiga xos siyosiy boshqaruv an’analari, eng muhimi, barcha sohalarda ochiqlik va demokratiya, xalq bilan muloqot keng yo‘lga qo‘yilgani natijasidir.

Davlatimiz tomonidan tezkorlik, sobitqadamlik, ilmiylik asosida, xalq bilan bamaslahat amalga oshirilgan va oshirilayotgan zarur chora-tadbirlarning yuksak samarasidir. O‘z paytida ko‘rilgan tezkor va tizimli chora-tadbirlar natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Xalqimiz guvoh bo‘lib turganidek, yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy yuksalish davom etmoqda.

OGOHLIK – DAVR TALABI

Endi masalaning boshqa tomoniga e’tibor bering. Bir yil mobaynida koronavirus ham, afsuski, “qo‘l qovushtirib o‘tirgani” yo‘q ekan. Mavjud sharoit, inson organizmiyu dori-darmonga tezda moslashib, dunyoda koronavirus infeksiyasi qaytadan avj ola boshladi. Ko‘z ilg‘amas yovning xavfli tomoni ham shunda. Uning jahon bo‘ylab tez tarqalayotgan yangi shtammlari, pandemiyaning yangi to‘lqinlari avvalgilaridan ham xavfliroq ekani ayon bo‘lmoqda. Boz ustiga, ayrim yurtdoshlarimizda pandemiyaning dastlabki oylarida shakllangan ehtiyotkorlik, karantin qoidalariga to‘la amal qilish o‘rnini, so‘nggi paytda anchayin xotirjamlik, bo‘shashish kayfiyati egallay boshlagani ham bor gap.

Holbuki, mamlakatimizda koronavirus xavfidan ehtiyot bo‘lish borasidagi targ‘ibot va tushuntirish ishlari bir zum bo‘lsin tingani yo‘q: ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, aholi gavjum joylar – bozorlar, yirik savdo markazlari, ko‘cha-ko‘yda ogohlikka chorlovchi da’vatlar mudom yangrab turibdi. Ko‘pchilik davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham karantin talablari yana kuchaytirildi. Ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari yana vaqtincha to‘xtatildi. To‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni ixchamroq o‘tkazish belgilandi.

Sababi yovqur virusning xorijda paydo bo‘lgan yangi shtammlari, ayniqsa, “Delta” (SARS-CoV-2) xotirjamlikka berilgan jahon ahlining bir zumda “ko‘zini ochib qo‘ydi”. Virusning yangi turi burundan suv oqishi, tomoq og‘rishi, oshqozon buzilishi kabi odatdagi tumovga xos belgi-asoratlar panasiga “yashirinib”, inson organizmini egallab ola boshlaydi. Vaqtida oldi olinmasa, sanoqli kunlar emas, soatlarda ham odamni “yiqitishi” mumkin. Bunday paytda na dori-darmon, na boshqa muolaja kor qilishi mushkul.

Shukrki, mamlakatimizda bu boradagi vaziyat qat’iy nazoratga olingan. Davlatimiz tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. O‘z ishining fidoyisi bo‘lgan shifokorlarimizning koronavirusga qarshi kurashdagi tajribasi ham ancha oshgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Lekin koronavirusning yangi xillari havo-tomchi yo‘li orqali insondan insonga yuqish xavfi uning avvalgi turlaridan ancha balandligini e’tibordan aslo soqit qilib bo‘lmaydi. Olimlarning dalolat qilishlaricha, avvalgi shtamm bilan xastalangan bemor kasalini o‘rtacha ikki-uch odamga yuqtirgan bo‘lsa, virusning yangi turlariga chalingan xasta kamida besh-olti insonning sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi.

BUYUK INSONPARVARLIK MISSIYASI

Bunday qaltis vaziyatga tushmaslikning yo‘llari endi aniq. Eng avvalo, karantin talablariga qat’iy amal qilish lozimligini yana eslatish shart emas. Emlanganlar soni-salmog‘i tobora oshib borayotgan bo‘lsa-da, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, binolarni muntazam shamollatish, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishimiz lozim.

Buni endi hammamiz bilamiz. Bilamizu shu oddiy, ammo g‘oyat muhim amalga ko‘pincha panja orasidan qaraymiz. “Xudo o‘zi asrasin”, deb qo‘ya qolamiz. Yaratgan ham o‘zini ehtiyot qilganni asraydi!

Koronavirusga qarshi vaksina bilan imkoni boricha tezroq emlanish esa bugun xastalikka qarshi eng muhim choralardandir. Hozir yurtdoshlarimiz olayotgan barcha vaksinalar insonni koronavirusning mavjud shtammlaridan ishonchli himoya qila oladi. E’tibor bering: barcha turidan! Koronavirusga qarshi emlanish kasallikning noxush va og‘ir asoratlaridan, eng muhimi, o‘limdan asraydi.

“Ko‘klamning latofati ko‘pincha qishda bilinadi”, deydi ulug‘lar. Afsuski, biz ham aksariyat hollarda salomatligimizning qadriga betoblikda yeta boshlaymiz. Xastalik o‘z zabtiga olganidan keyin “pushaymonlik barmog‘ini tishlashdan ne naf”. Aslida, kishi o‘z salomatligini asrashi uchun ko‘p vaqt ham, xarajat ham talab etilmaydi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini asrash va mustahkamlashga katta  e’tibor qaratilayotganini ko‘rib-bilib turibmiz. Davlatimiz koronavirusni jilovlash, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni aniqlash va davolash, profilaktika qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bu buyuk insonparvarlik missiyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ommaviy ravishda emlash jarayonida ham yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Emlash jarayoniga o‘n minglab shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi jalb qilingan. Mamlakatimiz bo‘ylab minglab emlash punktlari va harakatdagi tibbiy brigadalar ish olib bormoqda.

Bugun yurtdoshlarimiz ushbu xayrli tashabbuslarning xosiyatiyu foydasini o‘zida his etayotganidan mamnun. Salomatlikka doimiy intilish har birimizning turmush tarzimizga va ongli hayotimizga aylanishi – baxtli va farovon yashashimizning muhim shartidir. Zero, har bir inson o‘z sog‘lig‘i uchun, eng avvalo, o‘zi mas’ul.

Shu bois, shifokor sifatida barcha yurtdoshlarimizdan, saylovchilardan vaksinasiya tadbirlariga jiddiy e’tibor berishlarini so‘ragan bo‘lardim. Albatta, vaksina olish – ixtiyoriy ish. Ammo tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qaysi mamlakatda barcha aholi vaksinani tezroq olgan va olayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatda koronavirus ofatining tahdidi pasaygani yaqqol sezildi. Virusga chalinganlar orasida o‘lim holatlari keskin kamaydi.

TIZIMLI ISHLAR SAMARASI

Jahonda pandemiya sababli murakkab vaziyat vujudga kelganidan buyon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bunday murakkab sharoitda xorijiy davlatlarda saylovlarni o‘tkazish davrida qo‘llanilgan amaliy tajribani diqqat bilan o‘rganish va maqbul jihatlarini milliy saylov jarayonlariga joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Komissiyamizning kuni kecha o‘tgan navbatdagi majlisida bu dolzarb masala batafsil muhokama qilindi.

Prezident saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfining oldini olish masalasi ko‘rib chiqilayotgan majlisda saylovchilarimiz eng asosiy so‘zni mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining tajribali mutaxassislaridan eshitishi to‘g‘ri bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, kengaytirilgan majlisda Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botirjon Qurbonovning ma’ruzasi tinglandi. Ishning ko‘zini biladigan tajribali mutaxassis sifatida ma’ruzachi pandemiya sharoitida saylov o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonda muayyan ilmiy, huquqiy va amaliy tajriba shakllantirilganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda koronavirus tarqalashi to‘la jilovlanib, barqaror vaziyat saqlanib turibdi.

O‘tgan bir yarim yil mobaynida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va ekspertlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari ishtirokida qator xalqaro onlayn konferensiyalar uyushtirilib, pandemiya sharoitida saylov o‘tkazish borasidagi xalqaro tajriba va uning o‘ziga xos jihatlari muhokamasi izchil davom ettirildi. O‘nga yaqin xorijiy davlatda o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan ekspertlarimiz muammoni bevosita o‘rgandi. Mamlakatimizdagi mavjud sharoit nuqtai nazaridan tahlil qilib, zarur tavsiyalar ishlab chiqdi.

Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi, Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “VoteWatch Europe” analitik markazi vakillari ishtirokida “COVID-19 sharoitida saylovlar. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar istiqboli” mavzusida tashkil etilgan seminarda pandemiya sharoitida saylov o‘tkazish masalasi batafsil muhokama qilindi.

Butunjahon saylov organlari assosiasiyasining (A-WEB) saylovlarni tashkil etish salohiyatini oshirish dasturi asosida “Ijtimoiy tarmoqlar va saylovlarni boshqarish organlari” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn o‘quv kurslarida hamda qator xalqaro vebinarlarda Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari malaka oshirdi.

Bu mas’uliyatli jarayon joriy yilning 14 aprelida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan izchil davom ettirilmoqda. Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi bo‘yicha aprel oyida boshlangan seminar-treninglarda hozirgacha 33 mingdan ortiq saylov tashkilotchisi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan birga, pandemiya sharoitida saylov o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari borasida ham malaka va ko‘nikmasini oshirdi.

Pandemiya sharoitida saylovni tashkil etish va o‘tkazishda karantin talablariga qat’iy rioya etish qoidalarini tushuntirib beruvchi videoroliklar, uslubiy qo‘llanmalar, infografika va tarqatma materiallarni tayyorlash, chop etish, tarqatish va ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilishga oid ishlar to‘xtagani yo‘q.

Izchil va tizimli sa’y-harakatlar natijasida, tegishli vazirlik va idoralar, jumladan, Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishi xavfining oldini olish bo‘yicha yo‘riqnoma loyihasi ishlab chiqilib, batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Yo‘riqnomada saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida amalga oshiriladigan ishlar, amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar, ta’bir joiz bo‘lsa, ipidan ignasigacha aniq belgilab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasining majlislarida okrug saylov komissiyalari, hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining bu borada amalga oshirayotgan ishlariga oid axborotlari eshitib boriladi.

YUKSAK ISHONCH

Respublika maxsus komissiyasi yaqinda qabul qilgan qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga doir takliflar ma’qullangani ulug‘ ish bo‘ldi. Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda ishtirokchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e’tibor qaratish tavsiya etildi.

Ayni paytda, saylovlar jarayonining ko‘p yillik bevosita ishtirokchisi sifatida ishonch bilan ayta olamanki, saylovoldi tashviqotiga yondashuvlar yildan-yilga o‘zgarmoqda. Pandemiya sabab xalqimiz hayotiga zamonaviy axborot texnologiyalari yanada keng va shitob bilan kirib keldi. Bugun dunyo mamlakatlarida nufuzli xalqaro anjumanlar, parlamentlar sessiyalari, hatto sport musobaqalari ham onlayn shaklida, masofadan o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Buni ham xalqaro, ham milliy tajriba yaqqol ko‘rsatib turibdi. Siyosiy partiyalar an’anaviy usullar bilan birga, raqamli texnologiyalarning keng imkoniyatlaridan tobora ko‘p va xo‘p foydalanmoqda. Partiyalar vakillari va nomzodlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari aholini keng qamrab ololmasligi ma’lum. Shu bois, pandemiya sharoitida saylovoldi tashviqotida televideniye, radio, bosma va internet nashrlar, plakat va bannerlar yanada muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy.

“Ijtimoiy fikr” nodavlat jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rov natijasida saylovchilar Prezident sayloviga doir yangiliklar va axborotlarni ko‘proq qaysi manbalardan bilib olishi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, axborotning eng sertalab manbasi — O‘zbekiston davlat televideniyesi. So‘rov ishtirokchilarining 68,9 foizi saylovga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlarni, asosan, televideniyedan oladi. Bu borada internet ikkinchi o‘rinni (33,5 foiz) egalladi. 25 foiz respondentlar uchun nodavlat televideniye kanallari axborotning asosiy manbasi hisoblanadi.

ULKAN SINOV

Pandemiya sharoitida saylovda ovoz berish saylovchilar uchun ortiqcha tashvish tug‘dirmaydi. Ular saylov kampaniyasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarga va ovoz berish kuni saylov uchastkasiga kelganlarida karantin talablariga binoan bir martalik himoya niqobini taqqan bo‘lsalar va o‘zaro oraliq masofani saqlasalar bas. Binoga, xususan, saylov uchastkasiga kirishdan oldin saylovchilarning haroratini o‘lchash, qo‘lini antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish imkoniyati yaratiladi. Saylov uchastkalari va ovoz berish kabinalari muntazam dezinfeksiya qilib turiladi. Tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etiladi.

Eng muhimi, barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari saylov kampaniyasi uchun ajratilgan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan himoya va dezinfeksiya vositalari bilan to‘la ta’minlanadi.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zolari komissiya ishiga jalb qilinishidan avval tibbiy ko‘rikdan va koronavirus infeksiyasi bo‘yicha laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanadi.

Siyosiy partiyalarning saylovoldi tadbirlari, nomzodlarning uchrashuvlari va boshqa tadbirlar pandemiya sharoitida videokonferensaloqa tarzida, zarurat bo‘lganda esa ochiq joylarda yoki yopiq bino sig‘imining 50 foizidan ortmagan holda (bittadan o‘rindiq tashlab o‘tirish tartibida) tashkil qilinishi tavsiya etiladi.

Prezident saylovining mamlakatimizda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalikda, xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, siyosiy-huquqiy madaniyat, qadimiy an’analarimizga mos muhitda o‘tishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Prezident saylovi – mamlakat ahli uchun ulkan sinov, buyuk imkoniyat. Yurt ahlida Vatan taqdiriga dahldorlik tuyg‘usi baland bo‘lsa, xalqning hamjihatligi va saylovchilarning faolligiga pandemiya bilan bog‘liq muammolar aslo monelik qila olmaydi.

Milliy davlat mustaqilligining 30 yillik shonli bayramini keng nishonlashga hozirlik ko‘rayotgan xalqimiz istiqlol bayramini barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlar bilan kutib olmoqda. Qo‘lga kiritilayotgan bunday ulkan muvaffaqiyatlar Yangi O‘zbekistonimiz Prezident saylovidan keyingi davrda yanada kuchli, yanada zamonaviylashgan, iqtisodiyoti yanada rivojlangan, xalqaro nufuzi yanada yuksalgan, fuqarolarining istiqbolga ishonchi yanada ortgan, istiqlol quyoshi yanada yorqin charaqlagan mamlakatga aylanadi, deyishimiz uchun asos bo‘la oladi.

 

Zayniddin NIZOMXO‘JAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi raisi,
O‘zbekiston Qahramoni,
tibbiyot fanlari doktori,
professor

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi
2021-yil 26-avgust, 172-son