• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
11.09.2021
2438
2021-yil 11-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Majlis kun tartibidan Qodirov Alisher Keldiyevichni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish, Oblomuradov Narzullo Naimovichni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasini tasdiqlash masalalari joy oldi.

Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 8 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etgan edi. Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tuzilgan Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirildi.

Majlisda xar ikkala partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzullo Naimovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va  Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 32 nafar vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 907 nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi 125x90 millimetr o‘lchamdagi to‘q yashil rangli qattiq charm muqovali kitobcha ko‘rinishiga ega bo‘ladi.

Qayd etish joiz, Saylov kodeksining 40-moddasiga muvofiq, nomzod etib ro‘yxatga olingan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh (35) kun qolganida tugallanadi.

Majlisda Komissiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasi ham tasdiqlandi.

Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati