Majlis kun tartibidan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish masalalari joy oldi.
Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi 11-14 sentyabr kunlari barcha siyosiy partiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olgan edi.
Saylov kodeksining 43- moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar, ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi.
Shundan kelib chiqqan holda, majlis davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzullo Naimovichning, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevichning, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Varisova Maksuda Azizovnaning, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan Abduhalimov Bahrom Abdurahimovichning va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi.
Nomzod saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda istalgan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati