Tashrif doirasida 16-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasining Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida E.Pamfilova saylovlarda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar, Rossiya saylov kampaniyalarini o‘tkazishning yangi standartlari, pandemiya sharoitida saylovlarni o‘tkazish, saylov uchastkalarida tashkil etilgan videokuzatuv rejimi, “Mobil saylovchi” mexanizmi kabi masalalar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘z so‘zida saylov komissiyalarining yuqori darajadagi tayyorgarligi, saylov jarayoni ishtirokchilarini xabardor etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tadbirlarga yuqori baho berdi.
Shu bilan birga, joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston fuqarolari uchun chet davlatlarda, jumladan Rossiya hududida tashkil etilgan saylov uchastkalari haqida ma’lumot berib o‘tildi. O‘z o‘rnida E.Pamfilova Rossiya Federasiyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Suhbat davomida Z.Nizomxo‘jayev Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisini O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishni taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegasiyasi, jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuzatuv missiyalari tarkibida saylovlarni monitoring qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati