Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.
Komissiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi qarori bilan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi qayd etib o‘tildi. Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va mahalliy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Ovozi tojik”, “Nurlы jol” va mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.
Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 46-moddasiga asosan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlarga haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati Matbuot markazi hamda Ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha markaz bilan birgalikda saylovoldi tashviqoti monitoringini olib boradi. Monitoring natijalari har kuni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. MSK qaroriga muvofiq Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchisi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 7 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 32 nafar vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 962 (48 nafari xorijiy)nafarni tashkil etmoqda.
Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati