• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi: kelajakka komil ishonch bilan
22.09.2021
1511
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga yo‘naltirilgan izchil va tizimli ishlar o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalarining a’zolari tarkibi tasdiqlandi va ish boshladi.

Mas’uliyatli maydon

Saylovning qanday o‘tishi ko‘plab jihatlarga, ayniqsa,  uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga bevosita bog‘liq ekanligi azaldan ma’lum. Ta’bir joyiz bo‘lsa, uchastka saylov komissiyasi - saylovning taqdiri hal bo‘ladigan eng mas’uliyatli maydon. Negaki, avvalo, saylovchilar, qolaversa, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari – hamma aynan saylov uchastkasining faoliyatiga qarab saylovni baholaydi. Shu yerda saylovchilar ovoz beradi, saylov byulletenlari sanab chiqiladi. Saylovga oid qonunlarning samaralari shu yerda yuzaga chiqadi, majud muammolar  shu yerda aks etadi.  

 Shuning uchun ham saylov komissiyalari tizimining eng quyi bo‘g‘inda ish olib boradigan mutaxassislar milliy saylov qonunchiligini va xalqaro saylov standarlarini yaxshi bilishi lozim. Ular, shuningdek, yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor, axborot texnologiyalaridan foydalanishni puxta o‘zlashtirgan bo‘lishlari zarur.

Saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi  uchun saylov qonunchiligida qat’iy belgilab qo‘yilgan barcha sharoitlar yaratilishi shart. 

Bunday yuksak talablarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi ayon. Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni demokratik talablar darajasida o‘tkazish uchun tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda, pandemiya tufayli yuzaga kelgan sharoitni hisobga olgan holda, keng ko‘lamli ishlar bajarildi.

 

Tayyorgarlik

Bunda Markaziy saylov komissiyasi Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini erta va aynan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlashdan boshlagani bejiz emas. Joriy yilning 27 aprelida qabul qilingan ushbu hujjatda belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z muddatida va sifatli ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlikka doir kelishuv mazkur jarayonda muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidlash zarur.

Ushbu kelishuv bo‘lajak saylov va saylovoldi jarayonlarini qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni barcha tashkilotchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy ko‘nikmasini yanada oshirish, fuqarolarning amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizdagi keng ko‘lamli demokratik islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. 

Shu yilning 28-aprel kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘p bosqichli seminar treninglar respublika trenerlarining o‘quvidan  boshlandi va butun mamlakatimiz bo‘ylab tizimli ravishda davom ettirildi.

15-sentabr kuni seminar-trenglarning yakuniy -uchinchi bosqichi nihoyasiga yetdi. 

Uchastka saylov komissiyalari a’zolari tarkibi tasdiqlanganidan so‘ng, bungacha uch bosqichda malaka oshirgan 32 mingdan ziyod uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari seminar-treninglarda o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini komissiyalarning 110 ming  nafardan ortiq boshqa a’zolariga o‘z saylov uchastkalarida bevosita ish jarayonida o‘rgatdi. Hududiy trenerlarning bevosita uslubiy rahbarligi ostida amalga oshirilgan ushbu mashg‘ulotlarda tinglovchilarning olgan bilimi monitoring va tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar izchil bartaraf etib borilgani joriy yildagi seminar-treninglarning eng samarali yangiliklaridan bo‘ldi. Bu milliy va xalqaro tahlilchilar jamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, yetakchi milliy va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturidan joy olgan mavzular bo‘yicha tayyorlangan videodars, videorolik va infografik mahsulotlar, o‘quv qo‘llanmalari va risolalar saylov tashkilotchilarining malaka va ko‘nikmasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tinglovchilar uchun mashg‘ulotlarning interfaol usulda tashkil etilgani  ularning muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni o‘tkazish, “Bir saylovchi - bir ovoz” tamoyiliga amal qilish, kuzatuvchilar bilan ishlash, saylov natijalarini hisoblab chiqish kabi yo‘nalishlardagi nazariy bilimini amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlashiga xizmat qildi.

Aslini olganda, o‘rganaman degan kishi saylov mavzusida o‘zi istagan kodeksu qonunni, qaroru  nizomni, yo‘riqnomayu dasturni,  ilmiy, ommaviy maqolalarni, suhbatlarni, qo‘llanmayu risolalarni, eslatmalarni, hatto zarur telefon raqamlaridan to xaritalargacha osongina topishi mumkin. Bu ro‘yxatga, qayd etilganidek,  videodarslar, videoroliklar, infografikalar, suratlar, tele va kino lavhalar, reportajlar, intervyular, munozaralar, bahslarni qo‘shing. Istasangiz - onlayn, yo‘qsa – oflayn. Yil – o‘n ikki oy, har kuni, har soatda, dunyoning qay bir go‘shasida bo‘lmang - qo‘l ostingizda. 

Buning uchun Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytiga yoki “Saylov2021” portaliga, shu nomdagi mobil ilovasiga, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirsangiz, bas. Ularda o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida minglab nomdagi targ‘ibot va tashviqot materiallari jamlangan. Jamlangani esa muntazam to‘ldirib va boyitib borilmoqda.

Mabodo saylov bo‘yicha savol tug‘ilsa, “1200” bepul telefon raqamiga sim qoqib, o‘zingizni qiziqtirgan har qanday savolingizga malakali javob   olishingiz mumkin. Murojaatingizga yetuk huquqshunos olimlar, mutaxassislar va tajribali saylov amaliyotchilari batafsil javob beradi. 

O‘zbekistonda Prezident sayloviga oid birorta murojaat va savol javobsiz qolmaydi! 

 

Inson qadri

Alohida ta’kidlash joyizki, O‘zbekiston tarixida  fuqarolarning saylov huquqini amalda to‘la ta’minlash, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov andozalarini targ‘ib qilish, o‘rganish va o‘rgatishga hech qachon bugungidek yuksak e’tibor qaratilmagan, keng sharoit va qulay imkoniyatlar yaratilmagan.

Milliy saylov tizimidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan bunday keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan  o‘n ming yetti yuzdan ziyod uchastka saylov komissiyasi tarkibida faoliyat yuritayotgan a’zolarning sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinsa, nafaqat milliy saylov tizimida, balki butun  mamlakatimizda dadillik va izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar berayotgan yuksak samaralar yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu, avvalo, jami 142 044 nafar a’zoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalarining safida ayollarning ilgargi saylovlardagidan sezilarli darajada ko‘pligida ko‘rinadi. Jumladan, ikki yil avval o‘tgan parlamyent saylovida saylov uchastkalari tarkibida 54361 nafar ayol faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yildagi Prezident saylovida ular qariyb 12 ming nafar ko‘p. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 3588 nafari, rais o‘rinbosarlarining 3508 nafari, kotiblarining esa 4686 nafari xotin-qizlardir.

Bu mamlakatimizda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquqlarini amalda ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy va tizimli e’tibor samarasidir. Ayni paytda, ushbu raqamlar mamlakatimizda 2019 yil 2 sentyabr kuni qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatga xos yuksak ma’naviyatning amaldagi yana bir ro‘yobidir. Zero, yuksak ma’naviyatli insonlar jamiyatidagina ayollar e’tibor va e’zoz, mamlakat esa rivoj topishi - azaliy haqiqat.

 

Huquqiy asoslarning mustahkamlanishi

Istiqlol yillarida shakllangan milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida orttirilgan boy tajriba hamda  umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari hisobga olingan holda 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Saylov kodeksi xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuksak baholandi. Saylov qonunchiligiga so‘nggi yillarda boshqa bir qator demokratik o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Joriy yilning 8-fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidandir. Qonunga binoan uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga taalluqli ayrim normalar yanada mustahkamlandi.

Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlardan biri 23-moddada o‘z ifodasini topdi. Ma’lumki, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganda besh — o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Kodeksning 25-moddasiga binoan uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasdi.

Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qat’iy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi a’zolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi ayon.

Yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.

Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchi-vatandoshlarimiz gavjum yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

Shulardan kelib chiqib, 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 37 davlatdagi ellik to‘rtta uchastka saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

Saylov qonunchiligiga saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini e’lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida o‘tkazishga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘z faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida amalga oshiradigan uchastka saylov komissiyalarining zimmasiga mas’uliyatli  vazifalar yuklangan.

Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan, jumladan, mazkur komissiyalar  saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatini tuzadi; saylovchilarni saylovchilarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, ro‘yxatda yo‘l qo‘yilgan xatolar va noaniqliklar to‘g‘risidagi arizalarni qabul qiladi hamda ko‘rib chiqadi va ro‘yxatga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani hal etadi; saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan va muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilardan to‘ldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi; aholini saylov kuni va ovoz berish joyi to‘g‘risida xabardor etadi; binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari, saylov qutilari, shuningdek, boshqa jihozlar bilan tayyorlab qo‘yilishini ta’minlaydi; saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi; sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda ovoz berishni tashkil etadi; ovozlarni sanab chiqadi; saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

 

Tan olingan haqiqat

Joriy yilda tuzilgan okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari safida navqiron avlod vakillari, ayniqsa, axborot texnologiyalari bo‘yicha yosh mutaxassislar har qachongidan ko‘pligi ham tahlilchilar e’tiborini tortmoqda.

Buning boisi ma’lum. Milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati 2019-yilgi saylovlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etilgan edi.

Endilikda ushbu tizim avvalgi saylovlarda orttirilgan tajribadan kelib chiqib, zamon talablari darajasida yanada takomillashtirilmoqda.

Hozirgacha 21 million nafardan ko‘proq saylovchi yagona elektron ro‘yxatga kiritildi. Markaziy saylov komissiyasi saytida "Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?" xizmati ishga tushirildi.

O‘tgan parlament saylovida mamlakatimiz bo‘yicha oltmishta saylov uchatkasiga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ulardagi ovoz berish jarayoni Matbuot markazida, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb saytida hamda “O‘zbekiston24” telekanalida real vaqtda namoyish etib borildi. Ushbu saylov uchastkalarida qonun buzilish holatlari qayd etilmadi. Ma’lumotlarga qaraganda, 24-oktabr kuni bo‘ladigan Prezident saylovida butun mamlakatimiz bo‘ylab kuzatuv kameralari o‘rnatiladigan saylov uchastkalari soni uch baravardan ham oshadi.

Uchastka saylov komissiyalari faoliyati bilan bog‘liq bunday yangiliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Xalqaro munosabatlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy hamda xorijiy  ekspertlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘z yuritar ekanlar, bir masalada yakdildirlar: “qisqa davr ichida O‘zbekiston xalqi va hukumati pragmatik va chinakam demokratik yo‘lni bosib o‘tdi, bu yo‘lning yuksak samaralari xalqaro hamjamiyat tomonidan allaqachon tan olingan”.

Bu yuksak  xalqaro e’tirofning zamirida ulkan mehnat, qat’iyat va shijoat mujassam ekanligini mamalakatimiz ahli yaxshi biladi. Zahmat va shijoat, yurtimizda qaror topgan tinchlik va obodlikning qadriga yetuvchi xalqimizning Prezident saylovida faol ishtirok etib, eng munosib nomzodga ovoz berishiga shubha yo‘q. Buni “Ijtimoiy fikr” markazi ma’lumotlari ham ko‘rsatib turibdi: kelajakka komil ishonch bilan yashayotgan O‘zbekiston aholisining 88,2 foizi  bo‘lajak Prezident saylovida ishtirok etishga tayyor.

Bu saylovning xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, siyosiy-huquqiy madaniyat, qadimiy an’analarimizga mos  muhitda o‘tishidan dalolatdir.

Qulman OCHILOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Raisining maslahatchisi

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021-yil 21-sentabr