• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘zbekiston Prezidenti saylovida Vladivostokda tahsil olayotgan vatandosh talabalar faol qatnashadi
06.10.2021
600
O‘zbekiston Prezidenti saylovini Uzoq Sharq Federal okrugining Primorsk o‘lkasi (Rossiya) hududlarida o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mamlakatimizning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari ushbu shaharda joylashgan Uzoq Sharq federal universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va universitet rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Universitetning xalqaro munosabatlar bo‘yicha prorektori V.Panova bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ushbu oliy bilim yurtida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatimiz Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

O‘zbekistonlik talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida esa Bosh konsulxona amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, xususan, yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, Primorsk o‘lkasida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish tartibi va ko‘chma saylov uchastkalari, siyosiy partiyalardan Prezidentlikka ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda o‘zbekistonlik yigit-qizlar saylovda faol ishtirok etishga chaqirildi, ular tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob qaytarildi.