Mazkur loyiha doirasidagi 2021 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar prezident saylovi kampaniyasi davrida hamkorlik qilishga qaratilgan bo‘lib, saylov jarayonining shaffofligi va inklyuzivligini ta’minlash, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarga qaratilmoqda.
O‘quv seminarlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari, ayollarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ayollarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
O‘quv seminarlari turkumini boshlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi K.Obolenskiy, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Bugungi kunga kelib sohaga oid 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi yangi tuzilmalarni tashkil etilishi O‘zbekistonda ayollar huquqlari, gender tengligi ta’minlashning yagona yaxlit mexanizmiga aylandi.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millat Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Bugungi kunda siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ulushi 44 foizga, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida joriy yilda bo‘lib o‘tgan Senatning 15 yalpi majlisida “O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri. Strategiyada ko‘zda tutilgan bu boradagi tadbirlardan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida hotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta Indikatorlar ishlab chiqildi.
O‘quv seminarlariga BMTTDning xalqaro ekspertlari jalb qilingan.
Tadbirda MSK raisi Z.Nizamxodjayev “O‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchiligi: asosiy yangilik, e’tibor qaratitlishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar” mavzuida chiqish qildi.
MSK