• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylov va OAV: so‘z erkinligi siyosiy jarayonda qanday namoyon bo‘ladi?
19.10.2021
1546
Mamlakatimizda joriy yil 24-oktabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Saylov ochiq-oshkora, demokratiya tamoyillari asosida o‘tishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Ana shu jihatlar e’tiborga olinib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugungi kungacha 1419 nafar mahalliy va 146 nafar xorijlik jurnalistlar akkreditasiyadan o‘tkazildi.

Shunisi quvonarliki, bu galgi saylovlarni yoritishda jurnalistlarning faolligi va qiziqishi kuchaygani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ular saylovga tayyorgarlik va saylovoldi tashviqot kampaniyasi bilan bog‘liq jarayonlarni yoritishda faollik ko‘rsatmoqda.

Sir emaski, saylov yaqinlashgani sari aholining axborot va yangiliklarga qiziqishi yanada kuchayadi. Bu boradagi ehtiyojni to‘liq ta’minlash uchun, o‘z navbatida, OAVning faolligi ham ortib boraveradi. Jurnalistlarning MSK matbuot xizmatiga savol va murojaatlari faollashgani ham hamkasblarimizning yurtimizda kechayotgan jarayonlarga daxldorlik hissi va o‘z ishini milliy qonunchilik, xalqaro andozalarga mos darajada tashkil etishga bo‘lgan intilishi, deya baholash mumkin. Ushbu maqolamizda eng ko‘p berilayotgan savollarning ba’zilariga javob berishni lozim topdik.

Akkreditasiyadan o‘tgan OAV vakilining huquq va majburiyatlari qanday?

Aytish kerakki, OAV vakillari vakolat muddati unga akkreditasiyadan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kuni tugaydi. Saylov kodeksining 35-moddasiga binoan, OAV vakili saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalari majlislarida, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish, saylov kuni  saylov uchastkalarida, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi va saylov natijalarini aniqlashda hozir bo‘lishi ham mumkin.

OAV vakillariga saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, qonunga xilof ravishda tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish ma’n etiladi. Saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda yordam ko‘rsatish, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish hamda saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari, saylov natijalari prognozlari, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

OAV vakili O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda Markaziy  saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.

Akkreditasiyadan o‘tmagan OAV vakillari faoliyati bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, ular internet saytlarda e’lon qilingan materiallardan nusxa ko‘chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanishda tahririyatning yozma roziligini olishi lozim. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan materiallardan foydalanganda manbani ko‘rsatishi shart. Bunda rasmiy e’lon qilingan xabar va video kontekstidan bir qismini, ya’ni, matndagi jumlaning asosiy ma’nosini o‘zgartirib yuboruvchi xabar tarqatish tavsiya etilmaydi.

Jurnalistlarni qiziqtirayotgan yana bir savol saylov yakuniga yetgach, ovozlarni bevosita hisoblash vaqtida jurnalistlarning qatnashishi, ovoz berish jarayonidan foto, video tasvirga olish, zaruratga qarab onlayn translyasiya qilishga ruxsat bor-yo‘qligi bilan bog‘liq.

Saylov kodeksining 33-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq, OAV vakillari saylov kuni saylov uchastkalarida bo‘lish, ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlashda ishtirok etish huquqiga ega. Albatta, bunda saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish mumkin. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno ekanini yodda tutish lozim.

Foto va video tasvirga olish jarayoni ovoz berishning yashirinligini buzmasligi va saylovchilar xohish-irodasini nazorat qilish imkonini bermasligi shart. Shuning uchun byulleten to‘ldirishga mo‘ljallangan joylarda yashirin ovoz berish kabinasida foto yoki video tasvirga olish taqiqlanadi.

Foto yoki video tasvirga olish uchun OAV vakili uchastka saylov komissiyasi a’zolarini, saylovchilarni va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilarini xabardor qilishi lozim. Foto va video suratga olish saylov jarayoni ishtirokchilarining konstitusion huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmagan holda amalga oshirilishi kerak.

Akkreditasiyadan o‘tgan OAV vakillari saylovga oid tadbirlar bo‘lib o‘tadigan binolarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnoma hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi shart. Ovoz berish kuni saylov uchastkasiga tashrif buyurgan OAV vakili o‘z faoliyatini boshlashdan oldin saylov komissiyalari talabiga muvofiq guvohnomasini ko‘rsatishi kerak. Turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi uchun jurnalist uchastka saylov komissiyasi raisini foto va videotasvirlardan foydalangan holda material tayyorlashi kerakligi haqida xabardor etib qo‘yishi lozim bo‘ladi.

Shunda ham tushunmovchilik holati yuz beradigan bo‘lsa, jurnalist Markaziy saylov komissiyasining “1200” qisqa raqamli Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Mazkur markaz saylovlar davrida jamoatchilik va saylovchilarga tezkor huquqiy axborot berish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida o‘z faoliyatini olib boradi.

“Call-markaz”ga kelib tushadigan murojaatlarga MSK, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Milliy gvardiya instituti va IIV akademiyasi vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan  ekspertlar guruhi tomonidan javob qaytariladi.

Yana bir muhim masala saylov davrida soxta yangiliklarni qanday aniqlash bilan bog‘liq. Bu xususda shuni aytish lozimki, foto feyklarni internet tarmog‘i orqali aniqlash oson. Agar siz Google Chrome brauzeridan foydalansangiz, rasmning ustiga sichqoncha ko‘rsatkichini olib keling va  o‘ng tugmachasini bosing. Shunda “Suratni Google dan top” punkti kelib chiqadi. Feyk yangiliklarning sarlavhasi asosan jalb qiluvchi bo‘ladi. Boshqa rasmlar orasidan asl nusxadagi suratni aniqlash qiyin yemas. U odatda sifatli va o‘lchami kattaroq bo‘ladi. Asl fotosurat qachon va qayerda birinchi marta e’lon qilingani ko‘rsatiladi.

Muallifning xabar yoki maqolasini o‘qiyotganda manbasiga e’tibor qarating. Chunki ayrim saytlar reklama uchun kiruvchilar sonini ko‘paytirish maqsadida feyk yangiliklar tarqatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz qonunchiligida ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkin va qonunga muvofiq amalga oshirishi uchun zamonaviy huquqiy asoslar yaratilgan. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovni o‘tkazishda umume’tirof etilgan mezonlar va xalqaro standartlarga mos ravishda ochiqlik, oshkoralik ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilayotir. Bundan tashqari, MSK tomonidan qator axborot resurslari orqali saylovga oid har bir yangilik va axborotlar bilan tezroq tanishish, fikr almashish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ishonchimiz komilki, ommaviy axborot vositalari bu boradagi zamonaviy imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Prezident saylovini demokratiya va umuminsoniy prinsiplar asosida o‘tishiga munosib ulush qo‘shadi.

Jaloliddin USMONOV,

Markaziy saylov komissiyasi matbuot kotibi

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining

2021-yil 19-oktabr kungi 207-soni