• eye Maxsus imkoniyatlar
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar saylov jarayonida qanday vazifalarni bajaradi
25.11.2021
1460
Demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xususan, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari alohida o‘rin tutadi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi.

Joriy yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining milliy qonunchiligimiz va xalqaro saylov standartlari asosida yuqori saviyada tashkil etilganligini dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. Saylov jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas’ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.

Prezidentlik saylovida ilk bor amaliyotga joriy etilgan Saylov kodeksimizda fuqarolik jamiyatlari institutlarining o‘rni alohida ahamiyatga molikdir. Ayniqsa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylov jarayoni bilan bog‘liq vakolatlari anchagina.

Birinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar taqdim etadi. Ikkinchidan, nomzodlarga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular o‘z saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi. Uchinchidan, Saylov kodeksiga kiritilgan eng muhim yangiliklardan biri — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ham siyosiy partiyalar kabi har bir saylov uchastkasiga o‘z kuzatuvchilarini qo‘yish vakolati berildi.

Darhaqiqat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berilgan bunday keng ko‘lamli vakolatlar mamlakatimizda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida saylov erkinligini ta’minlash, jamoat, ya’ni xalq nazoratini yanada keng va to‘la amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yilgi saylovda yurtimizdagi 9255 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan saylov uchastkalariga 10733 nafar kuzatuvchilar biriktirildi. Ularga belgilangan tartibda mandatlar berilib, vakolatlari doirasida faoliyat yuritishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.

Shuningdek, okrug saylov komissiyalari tarkibida 15 nafar, uchastka saylov komissiyalari tarkibida 22 750 nafar fuqarolar yig‘inlari xodimlari faoliyat ko‘rsatishdi.

Saylov jarayoni bilan bog‘liq ishlarni samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilariga eslatma qo‘llanmalari tayyorlandi.

Yangi Saylov kodeksiga binoan saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga bo‘lgan ishonch ortib, vakolatlari kengayayotganidan dalolat. Ushbu quyi boshqaruv organlari vakillarining saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi saylovlarni ochiq va oshkora, demokratik prinsiplarga mos o‘tishida muhim ahamiyatga ega.

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktabrdagi 951-son qarori bilan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida Nizom qabul qilindi. Ushbu hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

Bunday keng ko‘lamli kuzatuvdan maqsad – saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kengroq amalga oshirishdan iborat.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosari, maslahatchisi, shuningdek, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslari saylovlarda kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.

Okrug saylov komissiyasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi.

Saylov komissiyalari kuzatuvchini ro‘yxatga olgandan keyin unga o‘z vakolatlarini to‘laqonli hamda to‘sqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.

Kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega. Shuningdek, saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar yetarli bo‘lsa, ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berishga haqli.

Shuningdek, kuzatuvchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi kerak.

Kuzatuvchi saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lishi mumkin emas. Saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, biror-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan kimni yoqlab ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biror-bir tarzda yordam ko‘rsatish ham taqiqlanadi. Shuningdek, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilishi man etiladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, nazorati hamda siyosiy tadbirda faol ishtirok etishi albatta, saylovlarning demokratik tarzda o‘tishiga xizmat qiladi.

 

S. Kurbankulov

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi