Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinib, mazkur varkazning nizomi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan yettita guruh faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.
Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonlarini OAVda yoritish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish hamda amalga oshirilishini ta’minlash, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini akkreditasiya qilish bilan bog‘liq hujjatlarni, OAV vakillari uchun saylovning asosiy bosqichlari haqida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan brifinglar hamda matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazilishini tashkil etish markazning asosiy vazifalari sifatida belgilandi.
Shuningdek, mazkur markaz zimmasiga Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning borishi va nomzodlar hamda ularning ishonchli vakillari saylovoldi tashviqotlariga doir milliy va xorijiy OAVda e’lon qilinadigan axborotlarni muntazam ravishda o‘rganish, monitoringini yuritish, tahlil qilish hamda natijalarini belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish, saylov kampaniyasi davrida hududiy matbuot markazlari ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshirish va ularning ishini muvofiqlashtirish vazifasi ham yuklangan.
Aytish joizki, markaz oldiga siyosiy partiyalar nomzodlari va ularning ishonchli vakillariga teledebatlar orqali saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun matbuot markazlarida tegishli platformalar yaratib berish, saylov jarayonining yoritilishi bo‘yicha yagona axborot strategiyasini ishlab chiqish, hududiy matbuot markazlariga o‘z faoliyatlarini umumiy “Saylov2021” zamonaviy imiji orqali yuritishi uchun qat’iy talablarni belgilab berish singari topshiriqlar ham yuklatilgan bo‘lib, ayni kungacha bu borada ham salmoqli ishlar qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi tarkibiga mamlakatimizning tajribali jurnalistlari, muqaddam saylov kampaniyalarida saylovni yoritishda faol qatnashgan mutaxassislar tanlab olindi. O‘tgan davr mobaynida ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini olib borish bo‘yicha maxsus kalendar rejaga binoan amalga oshirilayotgan ishlardan ommaviy axborot vositalari ko‘magida aholini xabardor etib kelmoqda.
Matbuot markazi tomonidan Markaziy saylov komissiyasining “Saylov 2021” veb-portali hamda “Saylov 2021” mobil ilovalari tayyorlanib, yuritilishi ta’minlanmoqda.
Matbuot markazi saylov jarayonlari haqida saylovchilarni keng xabardor qilish, jamoatchilik orasida saylov qonunchiligini targ‘ib etish maqsadida turli info yondashuvlar va axborot kontentlarini ham (rolik, maqola, telereportaj hamda shu kabilarni) yaratib, aholi orasida tarqatib kelmoqda.
Umuman, Matbuot markazi tashkil etilgandan buyon MSK Matbuot xizmati bilan hamkorlikda ko‘plab anjumanlar, press-kofelar, brifinglar hamda boshqa infotadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarga tele va radiojurnalistlar, internet saytlari muxbirlari, gazeta va jurnallarda faoliyat yurituvchi hamkasblarimiz jalb qilindi. Bunday tadbirlar doirasida yurtimizdagi barcha ommmaviy axborot vositalari orqali mingga yaqin xabar, reportaj, tahliliy maqola, intervyu, blis-test hamda yana boshqa formatdagi ko‘plab jurnalistik materiallar e’lon qilindi.
Ayni paytga qadar markaz tomonidan Markaziy saylov komissiyasining joriy faoliyatini keng yoritib borish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, 28 iyul kuni Matbuot markazida “Saylov 2021” mobil ilovasi, “Saylov 2021” http://saylov2021.uz veb-portali faoliyati hamda Matbuot markazida jurnalistlarga yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berish uchun matbuot anjumani tashkil etildi. 29 iyul kuni siyosiy partiyalar vakolatli vakillariga mandatlar topshirish marosimi va brifing bo‘lib o‘tdi. 7 avgust kuni esa jurnalistlar va blogerlarni o‘zaro hamkorlikka chorlash, o‘rtadagi “ko‘rinmas parda”larni olib tashlab, hamisha do‘stona va samimiy muhitni yaratish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi bilan qalam ahli o‘rtasida “galstuksiz uchrashuv” formatida press-kofe uyushtirildi. 120 nafardan ziyod jurnalist hamda bloger ishtirok etgan ushbu uchrashuv barchada iliq taassurot qoldirdi.
OAV vakillari, mustaqil jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, uning o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov va MSK a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja yig‘ilganlar savollariga batafsil javob berdi.
Samimiy va ochiq kayfiyatda o‘tgan tadbirda jurnalistlar Prezident sayloviga tayyorgarlik hamda uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayonlar haqida fikr almashildi. Markaziy saylov komissiyasi vakillari muhim ahamiyatga ega ushbu voqelikni keng va xolis yoritishda OAV xodimlari hamda blogerlar bilan hamkorlik tarixiy zarurat ekanini ta’kidladi.
Zayniddin Nizomxo‘jayev “saylovning adolatli va shaffof bo‘lishida faqat Markaziy saylov komissiyasining emas, balki jurnalistlar va blogerlarning ham o‘rni nihoyatda muhim”ligini alohida qayd etdi.
Hozirgi kunga qadar Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi tomonidan yuqoridagi kabi muhim masalalar doirasida 10 dan ziyod turli-tuman tadbir o‘tkazilib, unga 800 dan ziyod mahalliy va xorijiy jurnalist jalb etildi.
Saylov jarayonini yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlarini ro‘yxatga olish va akkreditasiyadan o‘tkazish – butun dunyoga xos bo‘lgan huquqiy tajriba. O‘zbekistonda ham OAV xodimlarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi hamda boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilishi zarurligi Saylov kodeksisining 35-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Shu kunga qadar 45 ta mahalliy OAV, jumladan, teleradiokompaniyalar, bosma va internet nashrlarning 859 nafar vakili ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, Ozarbayjonning “AzerTaj” agentligi, Buyuk Britaniyaning “BBC”, “Sky News” teleradiokompaniyalari, “Reuters” agentligi, “The Economist” jurnali, Eronning “IRIB” teleradiokompaniyasi, “Fars news” agentligi, Qozog‘istonning “Kazinform”, “Xabar” agentliklari, “Kursiv” gazetasi, Xitoyning “Sinxua” agentligi, Rossiyaning VGTRK, “Novыy vek” teleradiokompaniyalari, “Interfaks”, “Rossiya segodnya”, “Sputnik”, “TASS” axborot agentliklari kabi 29 ta xorijiy OAVning 48 nafar jurnalisti akkreditasiyadan o‘tkazilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi yurtimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining barcha bosqichlarini OAV orqali xalqimizga mukammal yetkazib kelmoqda. Bu esa aholining saylovga doir huquqiy bilimini yanada kuchaytirish, yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarning elektoral madaniyatini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
Jaloliddin USMONOV,
Markaziy saylov komissiyasi raisining
axborot siyosati masalalari bo‘yicha
maslahatchisi – Markaziy saylov
komissiyasi matbuot kotibi
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining
2021 yil 11 sentyabr kungi 182-soni