• eye Maxsus imkoniyatlar
Vakolatli vakil kim va u qanday vazifalarni bajaradi?
07.12.2021
1102
Saylov kampaniyasida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya o‘rtasida muloqot olib borish, talab etilgan hujjatlarni taqdim qilishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal qilib boradi.

Mazkur institutning saylov kompaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiya a’zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi siyosiy partiyaning vakolatli vakili bo‘lishi mumkin.

Siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.

Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bog‘liq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e’tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida hamda  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentabrdagi 935-son qarori bilan tasdiklangan “Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risida”gi Nizomda siyosiy partiyalar tomonidan vakolatli vakil tayinlash va uni ro‘yxatga olish tartibini, vakolatli vakilning huquq va majburiyatlari  belgilangan.

Vakolatli vakil quyidagi tartibda tayinlanadi va ro‘yxatga olinadi:

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli xujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va mazkur Nizomning belgilangan shaklda unga mandatni beradi.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e’tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.

Siyosiy partiyaning hududiy organi rahbari saylovga kamida o‘n kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatini (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda) taqdim etadi. Bunda ariza:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida — Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida — mazkur Kengashlarga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

xalq deputatlari tuman, shahar (bundan Toshkent shahri mustasno) Kengashlari deputatlari saylovida — tuman, shahar (bundan Toshkent shahar saylov komissiyasi mustasno) saylov komissiyasiga;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda — Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga belgilangan shaklda mandatlar beradi.

Mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan farqlash uchun alohida belgilar (rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.

Quyidagi hollarda vakolatli vakilga mandat berish rad etilishi mumkin:

nomzod 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa;

saylovga o‘n kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa;

tegishli saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyadan nomzod ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa (saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etadigan vakolatli vakillarga nisbatan qo‘llaniladi);

Nizomda ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa.

Siyosiy partiya saylovga qadar istagan vaqtda tegishli saylov komissiyasini yozma ravishda xabardor qilgan holda vakolatli vakilni vakolatidan mahrum qilishi mumkin. Bunday hollarda saylov komissiyasi vakolatli vakilni ro‘yxatdan chiqaradi va unga berilgan mandatni bekor qiladi.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili qanday vazifalarni bajaradi:

saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan to‘plangan imzo varaqlarini topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga;

uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili takroriy ovoz berish paytida ham saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda hozir bo‘lishi mumkin.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.

Siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan hisoblanadi.

 


Orzugul Qozixonova

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi