O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqargan ana shunday navbatdagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, taniqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhamedov jamoa mehmoni bo‘ldi.
X.Do‘stmuhamedov birinchi va ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati, keyinchalik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, ushbu palata Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Mamlakatimiz parlamentiga 2019 yili bo‘lib o‘tgan saylovda u Qonunchilik palatasi deputatiligiga saylandi. Vatanimiz davlat mustaqilligining huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlashdek sharafli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan taniqli siyosat arbobi.
X.Do‘stmuhamedov - zamonaviy o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan. “Bozor”, “Donishmand Sizif” romanlari, “Nigoh”, “Panoh” kabi qissalari, o‘nlab hikoyalari adabiy jamoatchilik tomonidan o‘zbek nasrining yutuqlari sifatida e’tirof etilgan.
X.Do‘stmuhamedov – ijtimoiy faol ijodkor. Uning teran va o‘tkir publisistikasi, adabiy maqolalari chuqur mantiqiyligi, dolzarbligi bilan o‘quvchilarda doim katta qiziqish uyg‘otadi. Gazeta-jurnallarda, televideniyeda va internet nashrlardagi chiqishlari buni yaqqol ko‘rsatib turibdi
Tadbirda saylov qonunchiligi va amaliyoti, parlament hayoti, ma’naviyat, adabiyot, kitobxonlik, davlat tilini rivojlantirish borasida qiziqarli suhbat bo‘ldi.