• eye Maxsus imkoniyatlar
Imkoniyati cheklangan shaxslarni saylovga yanada samarali jalb etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar
31.03.2022
1017
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES) o‘rtasidagi hamkorlik ish rejasi doirasida 31-mart kuni “Imkoniyati cheklangan saylovchilarni saylovga yanada samarali jalb etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar” mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasining doimiy a’zolari, MSK Kotibiyati mas’ul xodimlari, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi va jamiyati, Ko‘zi ojizlar, Karlar jamiyati va ularning hududiy idoralari kabi nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilarini MSK raisi o‘rinbosari Baxrom Qo‘chqorov va Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining (IFES) O‘zbekiston bo‘yicha direktori Tamar Jvaniya qutlashdi.

Onlayn konferensiya davomida ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarni milliy saylov jarayoniga keng jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar, IFES taqdimotlari orqali imkoniyati cheklangan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish va ularni qayta ishlash, saylovlarda ular uchun qulaylikni ta’minlash sohasida ilg‘or xalqaro tajriba va bu masalalarda saylov organlarining roli haqida ma’lumotlar olishdi, shuningdek, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi vakillari Oybek Isoqov va Farxod Abduraxmanovlarning chiqishlarini tinglashdi.

Yakunida muhokamalar o‘tkazildi va fikr-mulohazalar almashildi.

Qayd etilganidek, MSK tomonidan mutassadi tashkioltalar bilan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. Nogironlar o‘z hayotiga ta’sir qiladigan qarorlarda ishtirok etishlari lozim. Saylov tashkilotchilari, siyosiy arboblar, nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha manfaatdor idoralar va muassasalar, nogironlar tashkilotlari vakillari - hamkorlik qilishi kerak bo‘lgan guruhlardandir.

Konferensiya davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashning asosiy usullari belgilab olindi:

nogironlar va ularning tashkilotlariga saylov tizimidan foydalanish ko‘nikmalari taqdim etish;

saylov tashkilotchilari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda faolroq ishtirok etishiga ko‘maklashish bo‘yicha qonun hujjatlari va hamkorlik yo‘nalishlarini tayyorlashni ko‘llab-quvvatlash;

ovoz berish tamoyillarini tushuntiruvchi ommaviy kampaniyalarni o‘tkazish jarayoniga nogironlar tashkilotlarini jalb etish;

saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bosqichlarida barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jalb etilishiga ko‘maklashish.

 

MSK