Ushbu oy ulug‘ligining yana bir hikmati - dunyodagi barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi – Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Ushbu muborak oy yakuniga yetib, ahli Islomning eng ulug‘ bayramlardan biri – Iyd al-Fitr – Ramazon Hayiti kirib kelmoqda.
Mazkur bayramni nishonlar ekanmiz, barchamiz rahm-shafqat, mehr-oqibat va ezgu niyat kabi fazilatlarning ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz, bir-birimizga e’tiborimiz yanada ortadi.
Zero, Ramazon xayr-u saxovat oyidir. Oliyhimmat yutdoshlarimiz bu oyda xayr-u ehson amallarini yanada ko‘paytiradilar. Ijtimoiy himoyaga ehtiyojmanlarga ko‘mak beradilar, muhtojlarga yordam qo‘lini uzatadilar.
Zero, muqaddas kitoblarimizda qayd etilganidek, “Amallarning eng afzali mo‘min kishining qalbiga xursandchilik ulashishdir”. “Yaxshilikning mukofoti esa, faqat yaxshilikdir”.
Dunyo qalqib turgan hozirgi paytda mamlakatimizda mustahkam qaror topgan tinchlik, osoyishtalikning va ahilligimizning qadriga yetishimiz, qilgan va qilayotgan amallarimiz faqat yaxshilikdan iborat bo‘lishi - barchamizning sharafli burchimizdir.
Shunday shukuhli damlarda xalqimizni, Vatanimizni barcha ofat-u kulfatlardan, balo-qazolardan Yaratganning O‘zi panohida asrasin, deb ezgu niyatlar qilamiz.
Ramazon xayiti bu yil mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan aziz Vatandoshlarimizni mehr-oqibat, xayr-sahovat va shukronalik ayyomi - Ramazon xayiti bilan samimiy muborakbod etamiz. Ushbu ulug‘ kunlarda el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka tilaymiz.
Avvalo ona Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!
Saxovat, mehr-muruvvat, marhamatlilik, birdamlik kabi oliyhimmat sifatlarni o‘zida mujassam etgan eng Ulug‘ va eng Aziz bayram Ramazon xayiti bayrami barchamizga yana bir bor muborak bo‘lsin!
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi