• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi Bosh assambleyasining yigʻilishida ishtirok etdi
08.05.2022
1692
7-may kuni Manila shahrida (Filippin) Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi (AAEA) Bosh assambleyasining gibrid formatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Bahrom Kuchkarov ishtirok etdi.

AAEA Osiyo va Tinch okeanining yigirma mamlakatidan iborat saylov organlari mintaqaviy nodavlat tashkiloti boʻlib 1998-yil 10-fevralda Manila shahrida boʻlib oʻtgan konferensiya doirasida tashkil etilgan. Oʻzbekiston AAEA aʼzolari safiga 2014-yil 29-oktyabrda tashkilotning Bosh Assambleyasida qoʻshildi. 

Tashkilotning maqsadi ochiq va oshkora saylovlarni, mustaqil va xolis saylov organlarini ragʻbatlantirish va institutsionalizatsiya qilish, ularning salohiyatini oshirish, fuqarolarning saylov va fuqarolik jarayonlaridagi faolligini oshirishdan iborat.

Filippin saylov komissiyasi (COMELEC) 2017-yildan beri AAEAga raislik qiladi. Bosh Assambleya majlisida Filippin, Kambodja, Hindiston, Maldiv orollari, Indoneziya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Moʻgʻuliston, Shri-Lanka va Tayvan saylov organlari vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida Assotsiatsiyaning 2022-2023-yillarga moʻljallangan ish rejasi, Kotibiyatning moliyaviy hisoboti, Assotsiatsiyaning yanada yaxshilangan hamjamiyatini shakllantirish borasida tajriba almashish, salohiyatini oshirish va oʻqitish, hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha AAEA faoliyatining istiqboldagi yoʻnalishlari, amaliyotlari va tashkilotni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, kun tartibida Assotsiatsiya raisi va uning oʻrinbosarini saylash hamda kelgusi ikki yillikda Ijroiya qoʻmitasini shakllantirish boʻyicha tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda Hindistonning saylov organi rais, Tayvan esa Uyushma nizomiga muvofiq kelgusidagi muddatga tashkilot raisi oʻrinbosari etib saylandi. Shuningdek, Ijroiya qoʻmitasi tarkibi ham tuzildi, uning tarkibiga Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo (Osiyo-Tinch okeani mintaqasi)dan ikki nafar vakil kirishi lozim edi. 

Ovoz berish natijalariga koʻra Ijroiya qoʻmitasi tarkibiga quyidagi saylov organlari, xususan, Markaziy Osiyodan — Rossiya Federatsiyasi, Oʻzbekiston; Janubiy Osiyodan — Maldiv orollari, Shri-Lanka; Janubi-Sharqiy Osiyo/Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan — Filippin va Tayvan (rais oʻrinbosari sifatida) kiritildi. 

Oʻzbekiston MSK Ijroiya qoʻmitasiga Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi faol va ahamiyatli oʻringa ega ekanligi munosabati bilan Filippin Saylov komissiyasi raisi tomonidan taklif etilgan, Hindiston va boshqa mamlakatlar saylov komissiyasi vakillari ham ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlagan.

Yigʻilishda AAEA aʼzolarining “Gender muammolari va saylovga oid tashvishlari, koʻrilgan choralar va tavsiya etilgan yechimlar” mavzusidagi taqdimotlari boʻlib oʻtdi.