Avval xabar berganimizdek bugun 5-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Respublika referendumi o‘tkazilmoqda.
Referendumni kuzatish maqsadida Qozogʻistonda boʻlib turgan MSK Raisi Zayniddin Nizomxodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston missiyasi vakillari Nur-Sulton shahridagi 10 dan ortiq referendum uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlari, tashkiliy chora-tadbirlar, aholining referendumdagi ishtiroki bilan yaqindan tanishdi.
Respublikada jami 10 012 referendum uchastkasi mavjud. Jumladan, ulardan 65 tasi 52 ta xorijiy davlatda tashkil etilgan. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 7:00 da hamda 17 ta referendum uchastkasida hududiy komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlarga asosan soat 6.00 da boshlandi.
Qozogʻiston mahalliy vaqti bilan soat 16:00 holatiga 11 722 536 nafar ovoz beruvchidan, 7 127 366 nafari ya'ni 60,80 foizi referendumda ishtirok etdi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur referendumda mamlakatning asosiy qonunidagi 33 moddada jami 56 tuzatish nazarda tutilgan. Bungacha Qozogʻistonda 1995-yilda referendum oʻtkazilgan hamda amaldagi konstitutsiya tasdiqlangan edi.