• eye Maxsus imkoniyatlar
Oʻquv-uslubiy seminarlar boshlandi
30.06.2022
866
Avval xabar berganimizdek, 2022-yil 28-iyun kuni oʻtkazilgan Markaziy saylov komissiyasining majlisida Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Qarorga asosan 30-iyundan boshlab ekspertlar uchun oʻquv-uslubiy seminarlari boshlandi.

Mazkur qarorlarning ijrosi oʻlaroq bugun, Markaziy saylov komissiyasi va Davlat boshqaruv akademiyasi bilan hamkorlikda, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, professor-oʻqituvchilari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari tarkibida shakllantirilgan 100 nafardan ortiq yuqori malakali ekspertlar uchun oʻquv-uslubiy seminarlariga start berildi.

Oʻquv-treninglar boshlanish avvalida, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev hamda Davlat boshqaruv akademiyasi rektori Adham Bekmurodovlar ishtirok etib mazkur seminarning mazmun-mohiyati va undan koʻzlangan natijalar xususida nutq soʻzladi.

Seminarning birinchi kunida tinglovchilar uchun “Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari”, “Referendumda ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati bilan ishlash”, “Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish” hamda “Davlat boshqaruv akademiyasi Referendum uchastkasida amaliy mashgʻulot va mavjud tajribani oʻrganish” kabi mavzu va yoʻnalishlarda tegishli respublika oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari tomonidan maʼruzalar olib boriladi.

Ikki kunlik oʻquv-seminar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va koʻnikmalari test orqali sinovdan oʻtkaziladi va kutilgan natijaga erishgan tinglovchilarga sertifikatlar topshiriladi.