Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2022-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida Komissiya kotibi X.Mamatov axboroti tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2022-yil birinchi yarim yilligida o‘z faoliyatini qonunchilikda belgilangan vakolatlari va yuklatilgan vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Komissiyaning 2021-yil 29-dekabrdagi 1158-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasiga asosan tashkil etdi va amalga oshirdi.
Markaziy saylov komissiyasining 2022-yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosi o‘z muddatida va sifatli bajarilishi ta’minlandi. Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha olib borildi:
- umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari, xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalari va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlillari asosida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish;
- saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish;
- saylov tashkilotchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
- saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada keng joriy qilish;
- markaziy saylov komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish, Kotibiyati tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish;
- markaziy saylov komissiyasi faoliyati, saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish va aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish;
- mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Ish rejada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohatlardan kelib chiqib ustuvor vazifalar ko‘zda tutilgan. Ikkinchi yarim yillikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish Markaziy saylov komissiyasining ustuvor vazifasi ekanligi belgilandi.
Majlisda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitusiyaviy islohatlar munosabati bilan respublikada o‘tkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rishga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi. Bu borada “O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha Komissiya a’zolari G.Raximova, B.Yunusov va A.Ibodullayevlar tomonidan axborot berildi.
Referendumda qonuniylik, holislik va ochiqilikni ta’minlashda kuzatuvchilarning faoliyati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xorijiy (xalqaro) va mahalliy kuzatuvchilar faoliyatini tartibga solish, ularning huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi hamda Siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomlar qabul qilindi.
Shuningdek, avvalgi saylovlarda xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirokini hisobga olgan holda hamda ularning Konstitusion huquqlarini to‘laqonli ta’minlash va referendumda ovoz berishda qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati