• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi vakillari xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishdi
06.10.2022
755
Bugun, 6-oktabr kuni Sankt-Peterburg shahrida (Rossiya Federatsiyasi) “MDHning demokratik saylovlar standartlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi: xalqaro hamkorlik uchun ochiq maydon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari toʻgʻrisidagi konvensiya imzolanganining 20 yilligiga bagʻishlangan anjuman MDHga aʼzo davlatlarning Parlamentlararo assambleyasi, MDH Ijroiya qoʻmitasi va Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Ilmiy-amaliy konferensiyada MDH PAga aʼzo davlatlarning parlament aʼzolari, MDHning nizom organlari rahbarlari, YXHT PA, Turkiy davlatlar PA, SHHT, Parlamentlararo ittifoq, Markaziy Amerika parlamenti, Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkiloti PA, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, Armaniston, Belarusiya, Qirgʻiziston, Rossiya Federatsiyasi, Serbiya, Tojikiston, Oʻzbekiston, Markaziy Afrika Respublikasi saylov organlari vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sh. Chulliyev boshchilik qilmoqda. Delegatsiya tarkibida MSK vakillari ham ishtirok etishmoqda.

Anjuman dasturiga koʻra ikki kun davomida toʻrtta mavzudagi davra suhbati va tantanali yalpi majlis oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev ham videoaloqa orqali ishtirok etdi va “Demokratik saylov standartlari” davra suhbatida “Demokratik saylovlarning yagona standartlarini shakllantirishda MDH saylov organlarining muvofiqlashtiruvchi kengashi” mavzusida maʼruza qildi.

Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan MDH saylov organlarini muvofiqlashtiruvchi kengashini tuzish tashabbusi bilan chiqish masalalariga toʻxtalar ekan, u Hamdoʻstlik doirasida ishtirokchi davlatlarning siyosiy sohalarda birgalikdagi faoliyati amalga oshirilayotganini, qolaversa, saylovlarni kuzatish siyosiy hamkorlikning muhim elementi ekanligini alohida taʼkidladi.

Boʻlajak maslahat organining dolzarbligi va ahamiyati haqida gapirar ekan, Z.Nizamxodjayev mazkur organning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib, MDHga aʼzo davlatlar saylov organlarining saylov sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, saylov tizimini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, MDHga aʼzo davlatlarda saylov jarayoni, fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, shuningdek, demokratik saylovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlarning huquqiy asoslarini rivojlantirish ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Xulosa oʻrnida, Oʻzbekiston MSK raisi davom etayotgan Konferensiya Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasida demokratiyani rivojlantirish va saylov jarayonlarining dolzarb masalalari boʻyicha hamkorligini chuqurlashtirishda muhim voqea ekanligiga ishonch bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida “Saylovni tashkil etishning ilgʻor tajribasi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Davra suhbatida Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining doimiy aʼzosi G.Raximova “Saylov jarayonida ayollarning ishtiroki” mavzusidagi maʼruzasi bilan qatnashdi.

G.Raximova oʻz maʼruzasida saylov jarayonida gender tengligini taʼminlashning ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar borasidagi kafolatlar, saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishning barcha bosqichlarida ayollar ishtirokini yanada kengaytirish, ayollarning saylovoldi faolligi koʻrsatkichlarini qamrab oluvchi maqsadli indikatorlarni joriy etish, shuningdek, saylovoldi tashviqot paytidagi faollik kabi masalalarni qamrab oldi.

Sh. Chulliyev “Saylovni kuzatish” davra suhbatining moderatori sifatida ishtirok etdi hamda “MDH PA xalqaro kuzatuvchilar guruhi tomonidan referendumlar oʻtkazilishi monitoringi” mavzusida maʼruza qildi.

Konferensiya doirasida Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi va Qirgʻiziston Respublikasi Saylov va referendumlarni oʻtkazuvchi Markaziy komissiya tomonidan tashkil etilgan “Saylov jarayonidagi ilgʻor texnologiyalar” koʻrgazmasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini 7-oktabr kuni davom ettiradi.

MSK Matbuot xizmati