• eye Maxsus imkoniyatlar
Milliy g‘urur, yuksak sharaf va qadr ayyomi
21.10.2022
624
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad — demokratik va erkin yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli va jadal islohotlarni xalqimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu — nafaqat milliy, balki xorijiy mamlakatlarning nufuzli davlat va siyosat arboblari, atoqli olimlari, ekspertlari hamda mutaxassislari tomonidan ham keng e’tirof etilgan yorqin haqiqatdir.


21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni

Islohotlar jarayonida barcha tashkilot va idoralarda davlat tilining nufuzini muttasil oshirib borishga doimiy e’tibor qaratilayotgani e’tirofga molikdir.

Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori izchil yuksalib bormoqda. Uning unib-o‘sib kelayotgan avlodni Vatanga, milliy an’analarimiz va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyati yanada oshyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun — 21-oktabr sanasining “O‘zbek tili bayrami kuni” deb qonunan belgilanishi va har yili keng nishonlab kelinayotgani mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanamiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy, ma’naviy hayotidagi ulkan voqeadir.

 


E’zoz va e’tibor

O‘zbek tili o‘zining qadimiy va boy tarixida hech qachon davlat va jamiyatning hozirgidek yuksak e’zoz-e’tibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagani ayon haqiqatdir. Bugun dunyoda ellik milliondan ortiq kishi Alisher Navoiyning tilida so‘zlashadi. Minglab oliy va o‘rta ta’lim muassasalari, jumladan, xorijdagi ta’lim dargohlari hamda markazlarida o‘zbek tilini astoydil, sevib o‘rganayotgan boshqa millatlar vakillarining safi tobora kengayib bormoqda.

O‘zbekistonning davlat tilini o‘rganish va unga ehtirom ko‘rsatishga xalqaro miqiyosda ham sezilarli darajada e’tibor oshdi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, xorijlik elchilar, tadbirkorlar va chet ellik yoshlar o‘rtasida o‘zbekcha gapirish, o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari, liboslariga mehr qo‘yish an’ana tusini olmoqda.

Bu “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” dadil qadam qo‘ygan yangi O‘zbekistonda davlat tili bo‘yicha yuritilayotgan xalqparvar va tinchlikparvar davlat siyosatining yuksak samaralaridandir.

Nomi qayd etilgan Farmonga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish uchun mas’ul alohida departament tashkil etilgani hamda davlat tilini joriy etish bo‘yicha islohotlarning tizimli va izchil yo‘lga qo‘yilganining o‘zi ayni samaralarga yana bir misoldir.

O‘z vaqtida va uzoqni ko‘zlab tashkil etilgan ushbu yangi tuzilma bugun davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirish, sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy qilish borasidagi yuksak samarali ishlar ko‘lamini tobora kengaytirayotganini xalqimiz har qadamda ko‘rib-bilib va his qilib turibdi.

Qisqa muddat ichida barcha davlat organlari, vazirlik, hokimlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yildi. Boshqacha aytganda, endi davlatimizning yuqoridan quyigacha bo‘lgan barcha tashkilotlarida davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha mas’ul vakolatli vakillari faol ish olib bormoqda. Ular o‘z safiga o‘zbek tili bo‘yicha yetuk mutaxassislar — shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar va jurnalistlarni birlashtirgan.

O‘zbek tili bayrami — ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yanada yuksaltirish ayyomidir. Ayni paytda, bu bayram davlat tilining O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning sevimli tiliga, ma’naviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga, Mustaqillik, Navro‘z ayyomlari, Konstitutsiya kuni, O‘qituvchilar va murabbiylar kuni kabi umumxalq bayramlari, el-ulusni birlashtiruvchi, hamjihatlikka chorlovchi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlovchi muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.

 


O‘zgarishlar ko‘lami

Joylarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami keng, samaralari esa yuksakdir.

Yo‘q, bu shunchaki, rasmi odat uchun aytilayotgan gap emas. Uzoqqa bormay, internetning ijtimoiy tarmoqlariga kiring va ikki-uch yilning nari-berisida, tilmoch topilishi gumon xorijda emas, poytaxtimiz Toshkentda o‘tgan chog‘iroq xalqaro anjumanda O‘zbekistonning bir vaziri davlat tilida gapirganiga doir shov-shuvli xabarlarga ko‘zingiz tushadi: “Ofarin va tasanno! O‘zbekcha gapirdi-ya! Qoyil!..”

Bugun bunday hayratomuz gaplaru savollarga o‘rin qolmadi. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish bo‘yicha belgilab berilgan aniq hamda qat’iy vazifalarning ijrosi izchil ta’minlanmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu borada ham barchamizga shaxsan o‘zi ibrat ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlashga hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz.

Prezidentimiz 2021-yil 21-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ona tilimizning xalqaro nufuzini chandon oshirdi. O‘zbek tili yaqin-yaqinlargacha uy-ro‘zg‘or tili, rasmiy doiralarda esa tarjima tili bo‘lib kelganini eslasak, davlatimiz rahbarining bu tashabbusi naqadar ulkan tarixiy ahamiyatga ega ekani yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Davlat tilini amalda qo‘llash, targ‘ib qilish va o‘rganish haqida fikr yuritar ekanmiz, yana bir misolni chetlab o‘tolmaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan ichki monitoring va hujjatlar xatlovi natijalarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, turli millatlar vakillari mehnat qiladigan jamoaning barcha a’zolari davlat tilini pishiq-puxta biladi. O‘zbek tilida ish yuritish mavjud qonunchilik talablari asosida tashkil etilgan.

Qayd etish o‘rinliki, davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan bunday keng ko‘lamli o‘rganish, tahlil va taqqoslar Markaziy saylov komissiyasi tarixida ilk bor o‘tkazildi.

Komissiyaning barcha majlislari, matbuot anjumanlari, brifinglar, konferensiyalar, seminarlar, xalqaro tadbirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, xorijlik jurnalistlar ishtirokida, ochiq-oshkora va davlat tilida o‘tkaziladi. Normativ-huquqiy hujjatlar olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida o‘zbek tilida ishlab chiqiladi, muhokama etiladi, lingivistik ekspertizadan o‘tkaziladi va qabul qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasining barcha yorliqli blankalari, muhrlari, shtamplari, rekvizitlari, shuningdek, Komissiya binosida o‘rnatilgan barcha tashqi yozuvlar, jumladan, e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilgan.

Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati imzolagan farmoyishlar, bayonnomalar, dasturlar, ichki nizomlar, yo‘riqnomalar, topshiriqnomalar hamda Komissiya tomonidan qabul qilingan va tasdiqlangan barcha normativ-huquqiy hujjatlar — qarorlar, nizomlar, bayonnomalar, yo‘riqnomalar, topshiriqnomalar, axborotnomalar “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga binoan qabul qilinadi.

Shuningdek, milliy saylov tizimiga doir normativ-huquqiy hujjatlar, maqolalar, ma’ruzalar hamda saylovlarga oid xalqaro yangiliklar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy sayti (saylov.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari orqali davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida muntazam yoritib borilmoqda. Saylov sohasiga oid xalqaro so‘zlar va atamalarning davlat tilidagi muqobillarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

 


Mayda ishning o‘zi yo‘q

Komissiya faoliyatida davlat tilini faol o‘rganish va targ‘ib qilish borasida joriy etilgan muhim yangiliklardan yana biri — jamoaning atoqli olimlar, adiblar va siyosat arboblari bilan bevosita muloqotlari muntazamlik kasb etganidir.

Bunday uchrashuvlarda davlat tilini rivojlantirish, so‘z mas’uliyati, saylov qonunchiligi va amaliyoti, parlament hayoti, inson ma’naviyati, adabiyot, kitobxonlik borasida qiziqarli suhbat, savol-javoblar bo‘ladi.

Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining ikki nafar xodimi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida bilim va ko‘nikmasini mustahkamladi. Komissiyaning kutubxonasi davlat tiliga oid yangi lug‘atlar, ensiklopediyalar, qo‘llanmalar va boshqa zarur nashrlar bilan bosma hamda elektron shaklda boyitib borilmoqda.

Milliy saylov tizimida davlat tilini joriy etish va rivojlantirishga qaratilayotgan bunday doimiy e’tiborning yuksak samaralari 2019-yil 22-dekabr kuni mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga, 2021-yil 24-oktabrda o‘tkazilgan Prezident saylovlari jarayonida yorqin namoyon bo‘lgani, nafaqat mamlakatimiz jamotchiligi, balki xalqaro tashkilotlarning ushbu saylovlarni kuzatib borgan missiyalari, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilari tomonidan ham alohida e’tirof etilgani yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol dalilidir.

 


Aniqlikda hikmat ko‘p

Davlat tiliga oid eng so‘nggi yangiliklardan biri — joriy yilning yozida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi va 9-sentabrdan kuchga kiritilishi bilan bog‘liq.

Reklamalarning tili, ma’no-mazmuni, hajmi, e’lon qilinish vaqti, reklama beruvchining va tarqatuvchining mas’uliyatiga doir muammolar jamoatchilikning talay e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Sababki, 1998-yilning dekabridan, mazkur yo‘nalishdagi ilk qonun qabul qilinganidan buyon, oradan qariyb chorak asr o‘tdi. Sirasini aytganda, chorak asr avval mamlakatimizda reklama qilinadigan mahsulotu xizmatlar bugungidek oshib-toshib yotgani yo‘q, reklama bozori hali shakllanmagan edi. So‘nggi yillarda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan ko‘lamdor islohotlar samarasida endilikda o‘z mahsulotlarini va xizmatlarini taklif etayotgan millionlab reklama beruvchilar hamda tarqatuvchilar paydo bo‘ldi. Milliy reklama bozori to‘la shakllandi va bugun gurkirab rivojlanmoqda.

Yangi qonunda mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz hayotidagi ana shu ulkan yuksalish bilan bog‘liq muhim o‘zgarishlarga doir yangi qoida va normalar o‘z ifodasini topgan. Qonunning “Reklamaning tili” deb nomlangan 6-moddasi alohida e’tiborga molik. Unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;

tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;

reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;

tele va radiokanallarda, shuningdek, bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Bu o‘rinda ta’kidlanadigan yana bir gap shundaki, avvalgi qonunda reklamaning tiliga doir modda mujmalroq tuzilgan yagona banddan iborat edi. Yangi qonunga qarasangiz, endi ularning soni o‘ndan oshganiga amin bo‘lasiz. Ilgari asosan muvaqqat nizomlar va yo‘riqnomalar bilan tartibga solingan talablar yangi qonunda normalar shaklida o‘zining aniq aksini topgan. Bu ham davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning amaldagi bir ko‘rinishidir.

 


Muntazamlik

Albatta, o‘zbek tiliga oid necha o‘n yillar, hatto asrlar davomida yig‘ilib qolgan barcha muammoni bir kunda va bir zarb bilan hal etishning iloji yo‘q. Bu cho‘ng sabr-bardosh, ilmiy izlanishlar, hamjihatlik va sobitqadamlik bilan amalga oshiriladigan, katta malag‘ va zahmat talab qiladigan ish ekanligi ayon.

Shu o‘rinda davlat tilini joriy etish va targ‘ib qilishga doir eng katta muammolardan biri barham topganiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ilgari ommaviy axborot vositalarida davlat tiliga oid materiallar — maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlar onda-sonda, asosan 21-oktabr — “Davdat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun arafasida paydo bo‘lib qolar, keyin yil-o‘n ikki oy go‘yo unutilar edi. Endi davlat tilini targ‘ib qilish va rivojlantirishga oid chiqishlar jarayoni izchillik va muntazamlik kasb etganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari — bosma va internet nashrlar, radio va telekanallar, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda davlat tiliga oid masalalarning yoritilishi bilan qiziqib ko‘rsangiz, har kuni kattadir-kichikdir maqola, suhbat, videolavha, rolik va boshqa rang-barang materiallarni topasiz. Ularning orasida tahliliy-tanqidiy chiqishlardan to mavjud muammolargacha, joylardagi yangiliklardan to shikoyat xatlarigacha bor. Bu — ochiqlik va oshkoralikni o‘zi uchun dasturilamal deb bilgan erkin, demokratik jamiyatga xos tabiiy jarayon. Bu — davlat tilini o‘rganish, rivojlantirish va amalda qo‘llash mamlakatimizda umumilliy harakatga aylanib borayotganidan dalolat.

Prezidentimiz alohida ta’kidlaganidek: “Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”. Bunday izchil ishlar mamlakatimizda barcha soha va yo‘nalishlarda davlat tilini amalda joriy etish va qo‘llash, mustaqil davlatimiz tilining yanada sayqal topishi, rivojlanishi va xalqaro miqyosda ham o‘zining qat’iy o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Davlat tilini bilish, mazkur tilda ish yuritish va ushbu bebaho madaniy boyligimizni e’zozlash barcha vatandoshlarimizning ma’naviy ehtiyojiga aylanib bormoqda.

 


Qulman OCHILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi raisining maslahatchisi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 

“Xalq so‘zi” gazetasi,

2022-yil 21-oktabr.