• eye Maxsus imkoniyatlar
Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin!
21.03.2023
373

Aziz vatandoshlar!

Muhtaram hamkasblar!

Go‘zal Vatanimizga uyg‘onish, yangilanish, mehr-oqibat va xayru saxovat ayyomi – Navro‘zi olam nafasi kirib keldi. Xalqimiz ushbu qutlug‘ shodiyonani bu yil ham ko‘tarinki kayfiyat va ezgu orzular bilan kutib olmoqda. Shukrki, ona-yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod. Ana shunday ozod yurtning obod manzillarida xalqimiz eng qadimiy ayyom – Navro‘zi olamni zo‘r quvonch va katta tantanalar bilan nishonlamoqda.

Buyuk muhaddis, hazrati al-Hakim at-Termiziy bobomiz o‘zining ko‘p yillik ilmiy va hayotiy kuzatishlari asosida yaratgan “Navro‘znoma” risolasida Navro‘z haftaning seshanba kuni kirsa, “O‘sha yili farahli, yaʼni quvonchu shodlik bisyor bo‘lg‘ay va taomlar tobora mo‘l bo‘lib, maʼmurchilik keng quloch yozg‘ay”, deb bashorat qilgan ekanlar. Zero, tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik, ahillik mustahkam qaror topgan yurtda qut-baraka mo‘l bo‘ladi. Hayotiy muammolar asta-sekin barham topib, yutuq va zafarlar ko‘payaveradi.

Barchangizni yangilanish, yasharish va yuksalish bayrami - Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etamiz. Sizlarga, eng avvalo, tinchlik-xotirjamlik, mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt va uzoq umr tilaymiz. Hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayzu baraka arimasin. Go‘zal Vatanimizning ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda hamisha muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!

Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Markaziy saylov komissiyasi jamoasi