• eye Maxsus imkoniyatlar
Марказий сайлов комиссиясининг навбатдаги мажлиси тўғрисида ахборот
27.05.2023
1257
Bugun, 27-may kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 54 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Taʼkidlash joiz, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Nizomga asosan, ommaviy axborot vositalarining vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatishi, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinishi, ommaviy axborot vositasi vakillarining vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanishi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugashi, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar rejaga muvofiq ommaviy axborot vositalari 20-maydan boshlab, saylovga kechi bilan o‘n kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakili saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatish, saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqishda hozir bo‘lish, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish huquqiga egadirlar.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi, barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnomani hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi shart.

OAV vakili O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va Nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda, uning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasiga turli OAVlaridan akkreditatsiyadan o‘tkazish haqidagi murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda. Mazkur murojaatlar Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati tomonidan batafsil o‘rganib chiqilmoqda. Taqdim etilgan hujjatlarda ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun monelik qiladigan holatlar aniqlanmasa, hujjatlar belgilangan tartibda to‘liq taqdim etilgan bo‘lsa MSK tomonidan qaror bilan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati