• eye Maxsus imkoniyatlar
Demokratik saylovlar jarayonida xalqaro kuzatuv institutining roli
08.06.2023
750

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki saylovni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, xalqaro kuzatuv fuqarolarning saylov huquqlarining amalga oshirilishini taʼminlash, saylov jarayoni amaliyoti bo‘yicha ikki tomonlama bilim va axborot almashishga xizmat qilishi bilan bir qatorda mustahkam xalqaro aloqalarni o‘rnatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.  

Milliy saylov tizimi muttasil rivojlanib va takomillashib borayotgan yangi O‘zbekistonda fuqarolarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini amalda taʼminlashga yo‘naltirilgan izchil islohotlar yuksak samara bermoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston nafaqat o‘z milliy saylovlari, balki referendumlarini o‘tkazishda xalqaro kuzatishni amalga oshirish uchun ochiqdir.

Shunday qilib, mamlakatimizda demokratik saylovlarni o‘tkazish, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari hayotga tatbiq etilmoqda.

Ohirgi yillarda O‘zbekistonda saylovlar o‘tkazilishi jarayonini xalqaro kuzatish dinamikasi xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki ortib borayotganligidan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentligi uchun 2015-yilda o‘tkazilgan saylovda 296 nafar xorijlik kuzatuvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2016-yildagi saylovda ular 555 nafarni, 2021-yili esa 971 nafarini tashkil etdi.

Bularning barchasi o‘zining yangi, yanada yuksalish yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda saylovlar tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar, vujudga kelayotgan yangi siyosiy muhit sharoitida o‘tkazilayotganidan hamda xalqaro hamjamiyatda ushbu o‘zgarishlarga eʼtibor tobora oshib borayotganidan yorqin dalolatdir.

Xalqaro kuzatuvning xalqaro standartlari va milliy-huquqiy asoslari

Bugunga kelib, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti sifatida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarini qamrab olgan inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan.

BMT, YEXHT, Yevropa Kengashi, Parlamentlararo ittifoq va shu kabi boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar hujjatlarida aks ettirilgan davlatning xalqaro majburiyatlari va xalqaro saylov standartlari implementatsiyasi asosida O‘zbekistonda milliy saylov tizimi shakllantirildi, saylovni o‘tkazish va saylovlarni xalqaro kuzatishni tashkil etishni huquqiy tartibga solish amalga oshirilmoqda.

Bu hujjatlar qatoriga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya (CEDAW), Ayollarning siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya, BMTning saylovlarni o‘tkazilishi ustidan xalqaro kuzatuv tamoyillari to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi, YEXHTning insoniy o‘lchovlari bo‘yicha Kopengagen konferensiyasi yig‘ilishining hujjati, Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi Deklaratsiya, Saylovlarni o‘tkazishga oid tavsiya etilgan meʼyorlarning majmuasi: 2002-yilda Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan rahbariy tamoyillar va izohlovchi maʼruza, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi aʼzo davlatlarda saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatish tamoyillari to‘g‘risidagi MDH Parlamentlararo Assambleyasining deklaratsiyasi va bir qator boshqa hujjatlar kiradi.

Yangi tahriridagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalarining ustuvorligi eʼtirof etilgan. Mamlakatimizda xalqaro kuzatuvchilarning faoliyati xalqaro kuzatuv institutini tartibga solish sohasidagi xalqaro hujjatlarni hisobga olgan holda, xalqaro hujjatlarga zid kelmaydigan doirada milliy qonunchilik bilan tartibga solinadi hamda xalqaro kuzatuvchilarni taklif qilish borasida yetarlicha rivojlangan amaliyot mavjud.

O‘zbekistondagi saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning maqomini huquqiy tartibga solish, shu jumladan, akkreditatsiya qilish tartibi, xalqaro kuzatuvchilarning huquqlari, majburiyatlari va cheklovlari ro‘yxati Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi saylovida ishtirok etuvchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari to‘g‘risidagi Nizomi bilan tartibga solinadi.

Xususan, Saylov kodeksida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni sanab chiqishda boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning ishtirok etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasining Nizomida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilarning saylovlarda ishtirok etishi tartibi batafsil belgilab berilgan.

O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etib, xalqaro saylov standartlarini joriy etishda konstruktiv hamkorlikni amalga oshirmoqda. Ular orasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT/DIIHB), YEXHT Parlament Assambleyasi, Yevropa Parlamenti, Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), MDH Parlament Assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kabi xalqaro tashkilotlar bor.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 2013-yildan buyon Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), 2014-yildan esa Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi (OSOA) aʼzosidir, YEXHT/DIIHB, MDH PA aʼzo davlatlari Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DMXI), Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES), YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha koordinatori, BMTTD kabi xalqaro tashkilotlar bilan saylov masalalari bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘tgan davrda O‘zbekistonda saylovlarni xalqaro kuzatishni tashkil etish amaliyoti to‘la shakllantirildi. Shu jihatdan, taklif etilayotgan xalqaro (xorijiy) kuzatuvchilarni shartli ravishda uch guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruh – kuzatish xalqaro hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xalqaro va davlatlararo tashkilotlar. YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament Assambleyasi, Yevroparlament, MDH, MDH Parlamentlararo assambleyasi, SHHT, IHT, TDT, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar shular jumlasidandir.

Taklif etilayotgan xalqaro kuzatuvchilarning ikkinchi guruhini ixtisoslashtirilgan organ va tashkilotlar, shu jumladan, saylovlar va referendumlarni xalqaro kuzatishning asosiy maqsadlari ularning ustavi yoki nizomlarida belgilangan davlatlararo tashkilot maqomiga ega bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar tashkil qiladi. Bu guruhdan, asosan, milliy konstitutsiya va saylov, referendumlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq saylovlar, referendumlar o‘tkazishda professional ishtirok etuvchi xorijiy saylov organlari (komissiyalari) va vazifalariga saylov jarayonlarini o‘tkazishni o‘z ichiga olgan boshqa organlar (milliy adliya vazirliklari, sud va boshqalar), milliy saylovlar, referendumlarning ilmiy-amaliy masalalari bilan professional ravishda shug‘ullanuvchi uyushmalar va tashkilotlar joy olgan. Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi, Butunjahon saylov organlarining assotsiatsiyasi, Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasi, MDH PAga aʼzo davlatlarning Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish Xalqaro instituti, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi kabi tuzilmalar shular jumlasidandir.

Xalqaro kuzatuvchilarning uchinchi guruhiga O‘zbekiston tomonidan xorijiy kuzatuvchilar sifatida taklif etilgan va o‘z kasbiy manfaatlaridan kelib chiqqan xolda saylovni kuzatuvchi olimlar va tadqiqotchilar, saylov huquqi sohasidagi ekspertlar, huquqshunoslar, huquq himoyachilari va siyosatshunoslar kiradi.

 

Xalqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish

Saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar ishlar vazirligi orqali xorijiy davlatlarning saylov organlariga va xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuboradi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bu taklifga javob va tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi kerak. Tashqi ishlar ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilingan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdimnoma kiritadi. Markaziy saylov komissiyasi besh kun ichida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va ro‘yxatini o‘zining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

Shu bilan birga akkreditatsiya uchun taqdim etilgan hujjatlar quyiladigan talablarga javob bermasa, hujjatlar belgilangan muddatdan kech taqdim qilinsa, xorijiy kuzatuvchining yoki uning nomzodini ko‘rsatgan tashkilotning faoliyati milliy qonunchilikka zid bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlariga xavf solsa - qonunchiligimizga muvofiq akkreditatsiya qilish rad etilishiga asos bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy kuzatuvchiga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun asos bo‘lgan tegishli mandat beriladi.

 

Xalqaro kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari

Mamlakatimizning milliy saylov amaliyotida xalqaro kuzatuvchilarning aniq huquqiy maqomini belgilash modeli to‘la shakllantirilgan. Davlatimiz xalqaro kuzatuvchilar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladigan bir xildagi amaliyot kafolatlaydi.

Saylov kodeksida xorijiy kuzatuvchi mahalliy kuzatuvchi (siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari) bilan bir xil huquqlarga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Xorijiy kuzatuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;
  • nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
  • saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
  • saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
  • muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
  • saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berishi jarayonini kuzatish;
  • ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;
  • saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;
  • kuzatuv olib borish davomida o‘zi yollagan tarjimon hamrohligida bo‘lish;
  • saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
  • kuzatuv natijalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;
  • saylovoldi tashviqoti belgilari bo‘lmagan, familiyasi, ismi va otasining ismi, o‘zi vakillik qilayotgan tashkilotning nomi ko‘rsatilgan ko‘krak nishonlari taqish;
  • okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;
  • harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin tegishli uchastka saylov komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish;
  • agar saylov uchastkasida saylovga oid qonunchilik va xalqaro normalar talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida ushbu uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga ularning ishiga aralashmagan holda maʼlum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
  • saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari haqida hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish.

Xalqaro kuzatuvchilarning bu vakolatlari xalqaro standartlarga mos keladi.

Xorijiy kuzatuvchilarga berilgan bunday ko‘plab erkinliklar, huquqlar orqali ular bo‘lib o‘tayotgan saylovlar jarayonlariga obyektiv baho berish uchun maʼlumot to‘playdi, saylov qonunchiligi va amaliyotini o‘rganadi, saylov o‘tkazuvchi komissiyalari faoliyatiga baho beradi.

Shu bilan birga, xalqaro hujjatlarga ko‘ra, davlatning ichki ishi hisoblangan va tashqaridan har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanish lozim bo‘lgan ichki siyosiy jarayonlarga bilvosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish holatlarining oldini olish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasining xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar to‘g‘risidagi Nizomida xalqaro kuzatuvchilarga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda muayyan majburiyatlar/cheklovlar belgilanganki, ular ushbu cheklovlarga rioya qilishlari shart.

Xorijiy kuzatuvchilar quyidagilarga majburdirlar:

  • o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan O‘zbekistonda bo‘lish qoidalariga, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan norma va prinsiplariga amal qilish;
  • saylovlar ustidan xalqaro kuzatuvni amalga oshirish borasidagi o‘z vazifalarini xolislik, siyosiy betaraflik prinsiplariga amal qilgan holda bajarish, saylovlarni o‘tkazuvchi komissiyalar, davlat organlari, mansabdor shaxslar, saylovlar ishtirokchilariga nisbatan qanday bo‘lmasin biron-bir tarzda afzallik bildirishdan voz kechish;
  • barcha darajadagi saylovlar o‘tkazuvchi komissiyalarga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘rsatish;
  • o‘z xulosalarini o‘tkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslash.

Xorijiy kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:

ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

ovoz beruvchilarga taʼsir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish;

ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

saylovlar o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida aralashish;

saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylovlar natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan referendum bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.

Xorijiy kuzatuvchilarning saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarda ishtirok etishi Markaziy saylov komissiyasi bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Saylovlarni o‘tkazishning milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish

O‘zbekistonda o‘rnatilgan xalqaro kuzatuv amaliyotiga muvofiq, saylov jarayonlari monitoringi natijalari bo‘yicha eʼlon qilingan xulosalar va tavsiyalar eʼtibordan chetda qolmaydi hamda saylov va saylovni o‘tkazish amaliyoti milliy qonunchilik bazasini takomillashtirishni davom ettirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Missiyalari 1999-yildan buyon saylovlarni kuzatish uchun taklif etilayotgan YEXHT/DIIHB bilan faol hamkorlik misolida (parlament saylovlari: 2004, 2009, 2014, 2019-yillar; prezidentlik saylovlari: 2007, 2015, 2016, 2021-yillar, Konstitutsiya referendumi 2023-yil), Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirilgan va saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, ekspert va mutaxassislar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va amaliyotchilarni jalb etgan holda parlament va Prezident saylovlarini kuzatish natijalari bo‘yicha saylovni kuzatish missiyalarining yakuniy hisobotlari asosida saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston DIIHBning saylovlarni kuzatish bo‘yicha qator tavsiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Bunga Saylov kodeksining qabul qilinishi, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilgani va bir qator boshqa kiritilgan yangiliklar yaqqol dalolat bo‘la oladi.

Masalan, DIIHB Saylovlarni kuzatish missiyasining O‘zbekiston bo‘yicha Yakuniy hisobotlaridan birining xalqaro majburiyatlarga muvofiq huquqiy layoqatga asoslangan ovoz berish chegarasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tavsiyasini amalga oshirish.

Birinchi navbatda, 2021-yil iyul oyida mamlakatimiz tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilindi.

Keyingi qadam huquq layoqati cheklangan shaxslarning saylovlarda boshqalar bilan teng huquqliligini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash bo‘ldi.

Yangi tahriridagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (128-modda) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi belgilangan. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Keyinchalik bu konstitutsiyaviy norma saylov qonunchiligida mustahkamlab qo‘yildi. 2023-yil 6-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi, unga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning va Saylov kodeksining tegishli moddalari yangi tahrirda bayon qilindi. Muomalaga layoqatsiz shaxslar faqat sud qarori bilan saylov huquqidan mahrum etilishi mumkinligi belgilandi.

Ushbu norma shaxs o‘z huquqiy subyektivlikni tan olish huquqidan mahrum qilinishi yoki bu huquq cheklanishi mumkin bo‘lgan holatlarni istisno qilishning konstitutsiyaviy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, xalqaro kuzatuvchilar faoliyatining xalqaro huquqiy asoslari avvalo xalqaro hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qo‘llanishi saylovlarga doir milliy qonunchilik doirasida amalga oshiriladi. Bunday amaliyot mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki borasida xalqaro majburiyatlariga to‘la mosdir.

Shu nuqtayi nazardan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida xalqaro kuzatishni tashkil etish maqsadida, xorijiy davlatlarning saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuborilgani xalqimiz va mamlakatimiz hayotidagi ushbu g‘oyat muhim siyosiy tadbirni umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar asosida, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladi.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining doimiy

asosda ishlovchi aʼzosi