• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 23-iyun kundagi majlisi toʻgʻrisida axborot
23.06.2023
1202

2023-yil 23-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotiga doir masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda taʼkidlanganidek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda, oʻz vaqtida javob qaytarilmoqda hamda biror-bir murojaat eʼtibordan chetda qoldirilmayapti.

Shundan kelib chiqib, saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha koʻrilgan choralar komissiya aʼzolari tomonidan muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Kun tartibiga muvofiq, majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan MDH, MDH PA, SHHT hamda xorijiy mamlakatlardan jami 124 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 301 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 155  nafarni tashkil etmoqda.

Majlis davomida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan 1-Qoraqalpogʻiston, 4-Jizzax hamda 11-Fargʻona okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati