• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 3-iyuldagi majlisi to‘g‘risida axborot
03.07.2023
1987

2023-yil 3-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rilgan choralar komissiya aʼzolari tomonidan muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Qayd etish joizki, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda, o‘z vaqtida javob qaytarilmoqda hamda hech bir murojaat eʼtibordan chetda qoldirilmayapti.

Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YXHT DIIHB, Butun jahon saylov organlari assotsiatsiyasi, MDH, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi kabi tashkilotlar hamda bir qator xorijiy davlatlardan jami 401 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi va bu haqda qaror qabul qilindi.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlardan va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarning umumiy soni 785 nafarni, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 299 nafarni tashkil etmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati