• eye Maxsus imkoniyatlar
O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
30.08.2023
164

Aziz vatandoshlar!

Shu kunlarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasi mamlakatimizda baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi jamoasi barcha vatandoshlarimizni mamlakatimiz davlat mustaqilligining 32 yillik shonli bayrami bilan samimiy muborakbod etadi.

Aynan 1991-yil 31-avgust kuni xalqimiz o‘z Vatani, taqdiri va kelajagiga o‘zi egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Dunyo xaritasida O‘zbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo bo‘ldi.  

Milliy saylov tizimining shakllanishi va rivojlanishi Vatanimizning davlat mustaqilligi bilan bevosita bog‘liqdir. Istiqlol yillarida, ayniqsa, so‘ngi yillarda, milliy anʼanalarimiz va xalqaro saylov standartlariga binoan muttasil rivojlanib bormoqda.  

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan, joriy yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida yangilangan Konstitutsiyamizning qabul qilinishi,  9-iyulda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi el-yurtimiz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi. 

“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan eng ulug‘ va muqaddas bayramimiz - istiqlol ayyomi shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda davom etaveradi. Mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi xalqimizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib qolaveradi.

Hamisha navqiron va betakror yurtimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, hayotingizdan, xonadoningizdan esa hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin.

Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan saʼy - harakatlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Eng ulug‘, eng aziz ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 

Markaziy saylov komissiyasi