• eye Maxsus imkoniyatlar
№ 1237 O‘zbekiston Respublikasi referendumida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
14.04.2023
524

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№ 1237                          2023-yil 14-aprel

 

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumida nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z huquqlaridan to‘sqinliksiz foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir referendum uchastkasi ovoz berish byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret bilan taʼminlanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Moddiy-texnika taʼminoti bo‘limi (J. Faxrutdinov) 2023-yil 19-aprelga qadar ushbu qarorning 2-bandidan kelib chiqib, tegishli miqdordagi trafaretlar tayyorlanishi hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari orqali har bir referendum uchastkasiga yetkazib berilishini taʼminlasin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar hamda tuman (shahar) hokimliklari:

referendum uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishini;

zaruratga ko‘ra, referendum uchastkalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar uchun optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda yoritkichlar mavjud bo‘lishini;

ehtiyojdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar gavjum yashaydigan hududlarda, ularning referendum uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yilishini;

referendum uchastkasi joylashgan binolarning kirib-chiqish joylariga eni kamida 90 sm va chiqish burchagi (qiyaligi) 300 dan ko‘p bo‘lmagan nishab yo‘lakchalar (panduslar) o‘rnatilganligi xatlovdan o‘tkazilishini;

referendum uchastkasi joylashgan binolarda aniqlangan kamchiliklarni 2023-yil 18-aprelga qadar bartaraf etish hamda ushbu binolarga nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolarning kelib-ketishlari va bino ichida erkin harakatlanishlari uchun sharoit yaratilishini;

amalga oshirilgan ishlar haqida 2023-yil 19-aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yozma maʼlumot berilishini taʼminlasin.

5. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, ovoz berish byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, ommaviy axborot vositasi vakillaridan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.

6. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari:

ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatini aniqlashtirish vaqtida nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosida ularning ro‘yxatini tuzish, nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar turgan joylarida ovoz berishlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;

ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratsin;

nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar referendum uchastkalarida referendumga oid maʼlumotlar, plakatlar bilan tanishishi hamda o‘zlari lozim deb topgan variant uchun erkin, to‘siqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratsin.

7.Ommaviy axborot vositalariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda ularni nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qulay bo‘lgan shaklda (imo-ishora tili, subtitrlar va boshqa shakllar) tayyorlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ovoz berish binolariga yaqin bo‘lgan avtomobillar to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolar avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joylarini tashkil etsin.

9. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                         Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA