• eye Maxsus imkoniyatlar
№1244 Ayrim referendum uchastkalari bo‘yicha ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida
01.05.2023
467

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1244                          2023-yil 1-may

 

Ayrim referendum uchastkalari bo‘yicha ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida

 

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18 va 38-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibi X. Mamatovning referendum kuni ayrim referendum uchastkalarida aniqlangan ovoz berish yakunlariga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan quyidagi referendum uchastkalarida ovoz berish yakunlariga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar aniqlanganligi qayd etib o‘tilsin:

a) 8-Sirdaryo referendum okrugining 226-son referendum uchastkasida referendum to‘g‘risidagi qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgan holda ayrim komissiya aʼzolari tomonidan byulletenlar ovoz berish qutisiga tashlangan;

b) 10-Toshkent viloyat referendum okrugining 651-son referendum uchastkasida komissiya aʼzolari tomonidan ovoz beruvchi fuqaroga ovoz berish yakuniga yetmasdan turib byulletenlar ishlatib bo‘linganligi maʼlum qilingan. Vaxolanki, ushbu referendum uchastkasi bo‘yicha ovoz berish yakunlari yuzasidan tuzilgan bayonnomada foydalanilmagan byulletenlar soni 646 tani tashkil etganligi ko‘rsatilgan;

v) 14-Toshkent shahar referendum okrugining 772-son referendum uchastkasida komissiya aʼzosi bo‘lgan fuqaro ovoz berish byulletenlarini o‘zining qarindoshlari nomidan to‘ldirgan. Biroq, ushbu fuqaro tomonidan to‘ldirilgan byulletenlarning ovoz berish qutisiga tashlanganligi yoki tashlanmaganligini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Qayd etib o‘tilsinki, mazkur qoidabuzarliklar bevosita ovoz berish jarayonida amalga oshirilganligi bois, ularni bartaraf etish imkoniyati mavjud emasligini inobatga olib, ushbu qoidabuzarliklar ovoz berish yakunlariga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar sifatida eʼtirof etiladi va referendum uchastkasidagi ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi.

2. Referendumda ovoz berish yakunlariga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligini inobatga olib, 8-Sirdaryo referendum okrugining 226-son referendum uchastkasi, 10-Toshkent viloyat referendum okrugining 651-son referendum uchastkasi va 14-Toshkent shahar referendum okrugining 772-son referendum uchastkasi bo‘yicha ovoz berish yakunlari haqiqiy emas deb topilsin.

3. Mazkur qarorning 2-bandidan kelib chiqib, 8-Sirdaryo, 10-Toshkent viloyat va 14-Toshkent shahar referendum okruglari bo‘yicha ovoz berish natijalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilsin.

4. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Rais                                                                            Z. Nizamxodjayev