• eye Maxsus imkoniyatlar
№1272 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida
05.06.2023
660

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1272                          2023-yil 5-iyun

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida

 

Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 44–48-moddalariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini eʼlon qilish va uni o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejani tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 10-maydagi 1247-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023-yil 7-iyundan boshlanishi eʼlon qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun saylovoldi tashviqoti davrida:

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining markaziy teleradiokanallari hamda ularda bepul ajratiladigan efir vaqti va hajmi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mahalliy teleradiokanallari hamda ularda bepul ajratiladigan efir vaqti va hajmi 2-ilovaga muvofiq;

“Yangi O‘zbekiston”, “Правда Востока”, “Xalq so‘zi”, “Народное слово”, “Овози тожик”, “Нурлы жол” gazetalarida bepul ajratiladigan nashr maydoni 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;

mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

birinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Ulugbek Ilyasovich INOYATOV;

ikkinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Shavkat Miromonovich MIRZIYOYEV;

uchinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Robaxon Anvarovna MAXMUDOVA;

to‘rtinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Abdushukur Xudoykulovich XAMZAYEV.

4. Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida:

bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin;

yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya qilsin;

bepul ajratilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida efirga uzatilayotgan hamda chop etilayotgan saylovoldi tashviqoti materiallarini ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etib borsin.

5. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 46-moddasiga asosan davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlarga haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkinligi;

ommaviy axborot vositalari tomonidan saylovoldi tashviqotini yoritish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1068-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati Matbuot markazi hamda Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz bilan birgalikda saylovoldi tashviqoti monitoringini tashkil etsin hamda monitoring natijalarini har kuni Markaziy saylov komissiyasi rahbariyatiga taqdim etib borsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish vaqtida transportda kuzatib borish, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini va saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash choralarini ko‘rsin.

8. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun siyosiy partiyalar

va Prezidentlikka nomzodlarga teng sharoitlarda jihozlangan xonalar bepul taqdim etilishini taʼminlasin, zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda ko‘maklashsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari saylovoldi tashviqoti davrida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirsin.

10. Ushbu qaror matni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                           Z. Nizamxodjayev

 

1-ILOVA

2-ILOVA

3-ILOVA 

4-ILOVA