• eye Maxsus imkoniyatlar
№1290 Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axboroti to‘g‘risida
09.06.2023
388

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1290                          2023-yil 9-iyun

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axboroti to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 22-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 10-maydagi 1247-son qarori bilan tasdiqlangan Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasi (K. Komilov), 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi (M. Daminov) va 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi (A. Xo‘jaqulov) raislarining axborotlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga:

muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejada belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;

uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritish ishlarini mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda muvofiqlashtirib borish;

okrug hududi bo‘yicha imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan saylovchilar, keksalar, bemorlar va ovoz berish binosiga bora olmaydigan saylovchilar haqida maʼlumotlarni aniqlash;

ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar haqidagi maʼlumotlarni aniqlash va Brayl alifbosida tayyorlanadigan saylov byulletenlari yetkazilishi zarur bo‘lgan saylov uchastkalari ro‘yxatini tuzish;

saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqib, asoslantirilgan javob berilishini;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va siyosiy partiyalar kuzatuvchilariga hamda siyosiy partiyalar vakolatli vakillariga belgilangan namunadagi mandatlarni so‘rovlar kelib tushishiga qarab besh kunlik muddatdan kechiktirmay topshirilishini taʼminlash yuklansin.

3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

Rais                                                                            Z. Nizamxodjayev