• eye Maxsus imkoniyatlar
№1292 Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
14.06.2023
352

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1292                          2023-yil 14-iyun

 

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z saylov huquqlaridan to‘sqinliksiz foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 49 va 50-moddalariga hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunining

10-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar saylov byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir saylov uchastkasi saylov byulletenini to‘ldirishda foydalaniladigan, Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar bilan taʼminlanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Moddiy-texnika taʼminoti bo‘limi (J.Faxrutdinov) ushbu qarorning

2-bandidan kelib chiqib, 2023-yil 28-iyunga qadar tegishli miqdordagi trafaretlar tayyorlanishi hamda okrug saylov komissiyalari orqali har bir saylov uchastkasiga yetkazib berilishini taʼminlasin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib:

saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishini;

zaruratga ko‘ra, saylov uchastkalarida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar uchun optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda yoritkichlar mavjud bo‘lishini;

ehtiyojdan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan saylovchilar gavjum yashaydigan hududlarda, ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yilishini;

saylov uchastkasi joylashgan binolarning kirib-chiqish joylariga eni kamida 90 sm va chiqish burchagi (qiyaligi) 300 dan ko‘p bo‘lmagan nishab yo‘lakchalar (panduslar) o‘rnatilganligi xatlovdan o‘tkazilishini;

saylov uchastkasi joylashgan binolarda aniqlangan kamchiliklarni 2023-yil 27-iyunga qadar bartaraf etish hamda ushbu binolarga nogironligi bo‘lgan saylovchilarning kelib-ketishi va bino ichida erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishini;

amalga oshirilgan ishlar haqida 2023-yil 30-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yozma maʼlumot berilishini taʼminlasin.

5. Uchastka saylov komissiyalari:

saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish vaqtida nogironligi bo‘lgan saylovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosida ularning ro‘yxatini tuzish, ehtiyojga ko‘ra nogironligi bo‘lgan saylovchilar turgan joylarida ovoz berishlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;

saylov kuni ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratsin;

nogironligi bo‘lgan saylovchilar saylov uchastkalarida saylovga oid maʼlumotlar, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning plakatlari bilan tanishishi hamda o‘zlari munosib deb topgan nomzodga erkin, to‘siqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratsin.

6. Siyosiy partiyalarga quyidagilar tavsiya etilsin:

saylovchilar bilan uchrashuvlarda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ishtirokini taʼminlash va ularning binolarga kirishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan uchrashuvlarni tashviqot olib borish uchun tanlangan binoning birinchi qavatida o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratish;

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual hamda boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning alohida ehtiyojlarini (imo-ishora tili, surdo tarjima, subtitr yozuvi, brayl alifbosi) inobatga olish va bunda ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan keng foydalanish.

7. Ommaviy axborot vositalariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda ularni nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qulay shaklda (imo-ishora tili, surdo tarjima, subtitr yozuvi, brayl alifbosi va boshqa shakllar) tayyorlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ovoz berish binolariga yaqin bo‘lgan avtomobillar to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan saylovchilar avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joylarini tashkil etsin.

9. Mazkur qaror matni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                            Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA