• eye Maxsus imkoniyatlar
№1299 Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida
20.06.2023
1311

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1299                          2023-yil 20-iyun

 

Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to‘g‘risida

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 57-moddalariga asosan Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilsin.

2. Belgilansinki:

muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 28-iyun kuni boshlanib 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanadi;

saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar davom etadi;

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar amalga oshiriladi.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Saylov kodeksining 561-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

4. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X. Mamatov) muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga saylov okrugi hududidagi saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlari 2023-yil 22-iyunga qadar yetkazib berilishini taʼminlasin.

5. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalariga saylov uchastkasi hududidagi saylovchilar umumiy sonining 5 (besh) foizi miqdorida saylov byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlarini 2023-yil 25-iyunga qadar yetkazib bersin.

6. Uchastka saylov komissiyalari:

saylov uchastkasi hududidagi saylovchilarni muddatidan oldin ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilsin;

saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha murojaatlarini o‘z vaqtida qabul qilsin;

muddatidan oldin ovoz berish saylov qonunchiligi talablari asosida o‘tkazilishini taʼminlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

uchastka saylov komissiyasi binosida muddatidan oldin ovoz berishni Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi 1066-son qarori asosida;

saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 22-oktyabrdagi 966-son qarori asosida amalga oshirsin.

8. Tashqi ishlar vazirligi mazkur qarorni O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.

9. Mazkur qaror matni Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev