Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar, navqiron avlodning o‘qib-o‘rganishi, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishi uchun qaratilayotgan doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyatini ham o‘ziga jalb etayotir.
Mamlakatimizda 30-iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlab kelinayotganida ham ana shunday ulkan eʼtibor mujassam.
Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini, jumladan, saylash va saylanish huquqini taʼminlash borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy asoslar yaratilgan. Yangilangan Konstitutsiyamizda alohida bir bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangani buning amaldagi yorqin ifodasidir.
O‘zining ijodiy va intellektual salohiyati, tanlagan kasb yo‘nalishi va ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘layotgan faol va yetakchi yoshlarimiz bilan faxrlanamiz.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlod vakillarini Yoshlar kuni bilan samimiy qutlaymiz. Ularga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz! Ilm o‘rganishdan, ko‘zlagan maqsadlaringiz sari dadil qadamlar tashlashdan charchamang, deb ezgu tilaklar bildiramiz.
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi